
AQSH prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda Oq uy ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Den Skavino xabar berdi. Uning ma’lum qilishicha, Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi suhbat Oval kabinetda bo‘lib o‘tgan.
Prezident Tramp bu muloqotni «juda yaxshi» deb baholagan va u taxminan bir soat davom etgan. Suhbatning asosiy mavzusi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bir kun avval o‘tkazilgan ikki soatlik muzokaralarga asoslangan holda Ukraina va Rossiyaning ehtiyojlarini muvofiqlashtirish bo‘lgan.
Tramp o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida «Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz», deya ta’kidlagan va Davlat kotibi Marko Rubio hamda Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolsdan muzokarada muhokama qilingan mavzular yuzasidan keng bayonot berishlarini so‘ragan. Uning ta’kidlashicha, bu bayonot tez orada e’lon qilinadi.
Rossiya va AQSH prezidentlari o‘rtasidagi avvalgi suhbat natijalariga ko‘ra, Kreml Putin Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumlarni 30 kunlik to‘xtatishni qo‘llab-quvvatlaganini ma’lum qilgan va harbiylarga tegishli buyruq bergan. Shu bilan birga, Putin G‘arb davlatlari tomonidan Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatish va razvedka ma’lumotlari almashinuvini Kiyev bilan to‘xtatish tinchlik kelishuvining asosiy sharti ekanligini bildirgan.
Oq uyning rasmiy bayonotiga ko‘ra, Tramp va Putin Ukrainada tinchlikni ta’minlash va o‘t ochishni to‘xtatish zarurligi borasida bir fikrga kelishgan.
Prezident Zelenskiy o‘z navbatida Ukraina energetika tizimiga hujumlarni vaqtincha to‘xtatish taklifini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan, lekin AQSH prezidenti Tramp bilan bo‘ladigan suhbatdan keyin Rossiya bilan erishilgan kelishuvlar haqida batafsil ma’lumot olishga umid qilganini aytgan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar