
18 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH prezidenti Donald Tramp telefon orqali gaplashdi. 2 soatga yaqin davom etgan suhbatda afsuski, urushni yakunlash bo‘yicha hech qanday konkret kelishuvga erishilmadi. Xususan, Vladimir Putin diplomatchasiga Rossiya 30 kunlik sulhni qabul qilmasligini tushuntirdi.
Aytgancha, uzr, bitta «jiddiy kelishuv» bo‘ldi. Har ikki tomonda minglab odamlar o‘lib ketayotgan bir vaqtda Putin amerikalik hamda rossiyalik hokkeychilar ishtirokida AQSH va Rossiyada hokkey uchrashuvi o‘tkazishni taklif qildi. Tramp taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi...
Butun dunyo kuzatgan suhbat
Putin va Tramp o‘rtasidagi suhbatni butun dunyoda qiziqish bilan kutishdi. Hatto suhbat qanday kechayotgani haqida onlayn xabar berib borildi. Shaxsan men falon siyosatchi falon odam bilan yaxshi suhbat o‘tkazmoqda, deb tugamagan suhbat haqida xabar berishganini kecha birinchi marta ko‘rdim.
Amerika nashrlari Tramp va Putin «juda yaxshi gaplashgani» haqida yozib chiqdi. Lekin bu «juda yaxshi suhbat» dunyoni urush tugashiga yaqinlashtirdi desak, bo‘rttirish bo‘ladi. Suhbatdagi eng muhim gap asirlar almashuvi haqida bo‘ldi.
Suhbat davomida Putin Rossiya va Ukraina 19 mart kuni navbatdagi asirlar almashuvini amalga oshirishini anons qildi. Putinga ko‘ra, har ikki tomon 175 nafardan asirni ortga qaytaradi. Xususan, Rossiya 23 nafar og‘ir yarador ukrain askarlar ozod qiladi.
Putin sulhni qabul qilmadi
Telefondagi suhbati davomida Vladimir Putin AQSH va Ukrainaning 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini qabul qilmasligini «qog‘ozga o‘rab» tushuntirgan. Ya’ni Putin bu borada aniqlashtirish kerak bo‘lgan detallar ko‘pligini aytgan. Rossiya prezidenti evaziga 30 kun davomida energetika obyektlariga zarba bermaslik taklifini ilgari surdi. Ya’ni Ukraina Rossiyadagi neft va boshqa energiyaga aloqador obyektlarga zarba bermasa, ruslar ham Ukrainadagi elektrostansiyalarga zarba yo‘llamasligiga so‘z berdi.
Aniqrog‘i, bu taklifga ko‘ra har qanday obyektlarga, hatto fuqarolik obyektlariga ham zarba beraverish mumkin bo‘ladi, lekin neft omborlariga, elektr stansiyalariga zarba berish taqiqlanadi. Shunday ekan, bemalol aytsak bo‘ladi – Putin 30 kunlik sulh kelishuvini rad etdi.
Ukraina Putinning elektr obyektlarga zarba berishni to‘xtatish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Lekin Zelenskiy telefon suhbatidan keyin ham tun davomida Ukraina osmoni uzra dronlar hujum qilganini aytdi. Xususan, Putin va Tramp suhbatlashganidan keyin Ukrainaning 10 ta shahri dron hujumiga uchragan. Kreml Putin suhbatdan keyin rossiyalik harbiylarga Ukraina energetika infratuzilmasiga zarba bermaslikni buyurganini xabar qildi.
Tushunmovchilik
Telefon suhbati haqida ikki tomon farqli axborot berdi va qizig‘i unda bir qator tushunmovchiliklar bor. Masalan, Kreml rasmiy xabarida aytilishicha, Putin suhbat davomida Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatishni tinchlik kelishuvining asosiy sharti deb atagan. Biroq Tramp suhbatdan keyinoq Fox News'ga intervyu berib, Putin bilan bu masalani umuman muhokama qilmaganini aytdi: «Harbiy yordam haqida umuman gaplashganimiz yo‘q. Ko‘p narsalarni gaplashdik, lekin harbiy yordam haqida so‘z bormadi», dedi Tramp.
Ikki tomon bayonotidagi yana bir qiziq farq Eron haqida. Masalan, Kreml xabarida ikki prezident Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilgani haqida umumiy ma’noda aytilgan. Lekin Oq uy rasmiy vakili Kerolayn Levvit e’lon qilgan bayonotida bu haqda boshqacharoq gap bor. Uni aynan keltiramiz: «Ikki davlat yetakchilari Eron hech qachon Isroilni yo‘q qiladigan holatda bo‘lmasligi kerak degan fikrni bo‘lishishdi».
Ya’ni Oq uy bayonotiga ko‘ra, Putin Trampning «Eron Isroilni yakson qiladigan darajada kuchli bo‘lmasligi kerak» degan fikrini qo‘llab-quvvatlagan. Shu o‘rinda Eron va Rossiya strategik hamkor ekani, urush davomida Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatgan birinchi davlat aynan Eron bo‘lganini eslatmoqchimiz.
Xullas, Putin va Tramp o‘rtasidagi suhbat kutilgan umidlarni oqlamadi. Dunyo tinchlikka yaqinlashmadi. Okoplarda ruslar va ukrainlar mantiqsiz urush sabab o‘lishda davom etmoqda. Eng yomoni dunyoda urushga ta’sir o‘tkaza oladigan Tramp va Putindan katta odamning o‘zi yo‘q. Mana shu ikkovining suhbatiki urushni to‘xtata olmayaptimi, demak bu qirg‘inbarotni tugatish oson bo‘lmaydi...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar