
Xitoyda uy hayvonlarini klonlashtirishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Bu haqida Daily Mail nashri xabar tarqatdi. Nashr pekinlik dizayner Lyu Sinning hikoyasini misol keltirgan. Lyu taxminan 15 yil avval ko‘chadan topgan mushugi Tomketni klonlashga qaror qilgan.
Tomket yoshi ulg‘aygani sari kasallana boshlagan va uning egasi Lyu Sin mushugini yo‘qotishni istamagan. Shuning uchun u hayvonning terisidan namunalar olib, mutaxassislarga murojaat qilgan. Uchinchi urinishda mutaxassislar Tomketning klonini yaratishga muvaffaq bo‘lishdi, yangi mushukcha asl nusxasidan deyarli farq qilmas edi. Xizmat narxi Lyu Sin uchun 19 ming dollarni tashkil etgan.
Mazkur xizmatni ko‘rsatuvchi kompaniyalar uy hayvonining terisidan olingan namunalar asosida klonlarni yaratadi. Biroq, ushbu jarayon har doim ham muvaffaqiyatli kechmaydi – ba’zan bir necha bor urinish talab etiladi yoki bir vaqtning o‘zida bir nechta klonlar paydo bo‘lishi mumkin. Oddiy holatda buyurtmachilar 12-18 oy ichida klonlashtirilgan hayvonlarni qabul qilib olishadi.
Xitoyda uy hayvonlarini tijorat maqsadida klonlashga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, xizmatning ommalashuvi bilan bog‘liq axloqiy masalalar ham jamiyat tomonidan tobora ko‘proq muhokama qilinmoqda. Ba’zi mutaxassislar bu jarayonni tabiatga aralashuv sifatida baholab, etik masalalarni ko‘tarmoqda.
Biroq, ko‘plab hayvon egalari uchun bu xizmat o‘zlarining sevimli jonivorlari xotirasini saqlab qolish va ular bilan tug‘ilgan hissiy aloqani davom ettirish imkoniyati bo‘lib qolmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar