19:54 / 22.03.2025
561

Uitkoff: Trampga o‘q uzilganda Putin uning haqiga duo qilgan

Uitkoff: Trampga o‘q uzilganda Putin uning haqiga duo qilgan
Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSH prezidenti Donald Trampga uning portretini sovg‘a qildi va suiqasd uyushtirilganda haqiga duo qilganini aytdi. Bu haqda Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Suhbat chog‘ida Uitkoff Putinni yomon odam deb hisoblamasligini ta’kidladi. Uning fikricha, urushga faqat bir kishi emas, balki bir qancha omillar sabab bo‘lgan.

Uitkoffning eslashicha, Rossiyaga ikkinchi tashrifi «shaxsiy darajada» bo‘lgan, chunki uchrashuv chog‘ida Putin unga rossiyalik rassom tomonidan chizilgan Tramp portretini topshirgan va uni Amerika prezidentiga yetkazishni so‘ragan. Bundan tashqari, Putin suiqasd uyushtirilganda Tramp uchun duo qilganini aytgan.

«U AQSH prezidenti bo‘lgani yoki bo‘lishi mumkinligi uchun emas, balki uning do‘sti bo‘lgani uchun haqiga duo qildi. U do‘sti uchun duo qildi... Uyga qaytgach, bu xabarni prezidentga yetkazdim va portretni berdim. Shubhasiz, bu unga ta’sir qildi», dedi Uitkoff.

Maxsus vakilning aytishicha, bu «mehrli ishora» Tramp va Putin o‘rtasidagi «aloqa»ni tikladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo