
Qozog‘istonning Olmaota shahrida yashovchi Kenjebek Ismoilov sunʼiy intellekt yordamida sudda g‘alaba qozondi. U advokat yollash o‘rniga ChatGPT neyron tarmog‘idan foydalanib, jarimaga qarshi kurash olib bordi va yakunda ishni yutib chiqdi.
Masalaning mohiyati
Hodisa 2023 yil dekabr oyida sodir bo‘lgan. Kenjebek Ismoilov yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun 5,8 ming tenge (taxminan 149 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan. U chorrahada oldida turgan yuk mashinasini aylanib o‘tish maqsadida jamoat transporti yo‘lagidan foydalangani uchun jarima olgan.
Biroq Ismoilov bu qarorni adolatsiz deb hisoblab, avval ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. U yerda uning shikoyati rad etilgandan so‘ng, u ishni sudga olib chiqishga qaror qildi.
Sunʼiy intellekt – yangi advokat?
ChatGPT fuqaroga sudga murojaat qilish uchun zarur bo‘lgan arizani tayyorlashda yordam berdi. Sud jarayonida esa neyron tarmoq real vaqt rejimida unga sudyaning savollariga javob tayyorlashda yordamlashdi.
Sud 10 daqiqada qaror chiqarib, Ismoilovga qo‘yilgan jarimani bekor qildi. Bu Qozog‘istonda sunʼiy intellekt yordamida yutib chiqilgan ilk sud ishlaridan biri bo‘lishi mumkin.
"Bu fuqarolik burchi edi"
Kenjebek Ismoilov sudga shikoyat arizasi berishdan maqsadi pul emasligini taʼkidladi:
"Bu men uchun prinsipial masala edi. Xodimlar keyingi safar o‘z ishiga jiddiy yondashishlarini istardim. Sud jarayonida ular o‘zini qo‘pol va noprofessional tutdi. Shuning uchun bu ishni oxirigacha yetkazdim. Bu mening fuqarolik burchim edi."
Endilikda Ismoilov politsiya departamentiga murojaat qilib, maʼnaviy zarar uchun tovon undirishni rejalashtirmoqda.
Huquqshunoslar va jamoatchilik munosabati
Bu voqea huquqshunoslar va internet foydalanuvchilari orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Baʼzi mutaxassislar sunʼiy intellekt kelajakda yuridik sohada katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkinligini taʼkidlasa, boshqalar bunday tizimlarga haddan tashqari suyanib bo‘lmasligini aytishmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, bu voqea sunʼiy intellektdan foydalanish imkoniyatlarini yana-da kengaytirayotganini va u hatto sud jarayonlarida ham samarali yordamchi bo‘la olishini ko‘rsatib berdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar