246
Britaniyaliklar to‘liq ofisga qaytishga majburlansa, ishdan bo‘shash arizasini yozishga tayyor

Buyuk Britaniyada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning deyarli yarmi (48 foizi) agar ish beruvchilar ularni hafta davomida to‘liq ofisga qaytishga majbur qilsa, ishdan bo‘shash arizasini yozishga tayyor. Bu haqda Hays rekruting kompaniyasi tadqiqotlariga tayanib, The Guardian nashri xabar berdi.
Ayol xodimlar orasida esa bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lib, 58 foizni tashkil qiladi. Tadqiqot 8 mingdan ortiq xodimga ega kompaniyalar orasida o‘tkazilgan.
Gibrid ishlash rejimi ommabop bo‘lib qolmoqda
Xodimlarning 75 foizi gibrid ish jadvalini afzal ko‘rishi aniqlangan. Bu rejimga ko‘ra, xodimlar haftaning ma’lum bir qismini ofisda, qolgan qismini esa uyda ishlashadi. Ayni paytda Britaniyadagi kompaniyalarning 77 foizi aynan shu modeldan foydalanmoqda. Eng keng tarqalgan variant haftada uch kun ofisda ishlash bo‘lib, bu rejimni 25 foiz kompaniyalar qo‘llamoqda.
Mutaxassislarning 77 foizi uyda ko‘proq ishlashni xohlashining asosiy sababi ish joyiga borishdagi transport xarajatlarining yuqoriligidir.
Ish beruvchilar xavotirda
Ish beruvchilarning 66 foizi xodimlarni to‘liq ofisga qaytishga majbur qilish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. Shu bilan birga, kompaniyalarning 52 foizi ofisda ishlaydigan va uydan ishlaydigan xodimlarning samaradorligi bir xil ekanini ta’kidlagan. Shunga qaramay, so‘rovda ishtirok etgan kompaniyalarning 25 foizi xodimlarni ofisga tez-tez kelishga chaqirgan.
Hays kompaniyasining operatsion direktori Pem Lindsi-Dannning fikricha, ish beruvchilar ofisga majburiy qaytishni joriy qilsa, eng yaxshi mutaxassislarni yo‘qotish xavfi katta bo‘ladi. Shu sababli, u kompaniyalarga ish muhitini xodimlar uchun qulaylashtirishni tavsiya etgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar