
AQSH prezidenti Donald Tramp yaqin kunlar ichida Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolanishiga umid qilyapti. Bu haqda u Truth ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
«Men Rossiya va Ukrainaning shu hafta ichida o‘zaro kelishuvga erishishiga chin dildan umid qilaman. Shundan keyin ikki davlat ham AQSH bilan keng ko‘lamli biznesni yo‘lga qo‘ya oladi va bu ularning iqtisodiy o‘sishi hamda farovonlikka erishishiga xizmat qiladi», – deb yozgan Tramp o‘z postida.
Biroq Donald Tramp aynan qanday «kelishuv» nazarda tutganiga oydinlik kiritmagan va boshqa qo‘shimcha tafsilotlarni ham bermagan. Hozircha AQSH prezidentining ushbu bayonotiga na Moskva, na Kiyev tomonidan hech qanday rasmiy munosabat bildirilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 17 aprel kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio mamlakatning tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralarda natijaga erishish imkoniyatini ko‘rmasa, yaqin kunlar ichida bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarini to‘xtatishi mumkinligini aytgan edi.
Aytish lozimki, bir necha kun avval Donald Tramp davlat kotibi Marko Rubio, maxsus vakil Stiv Uitkoff hamda boshqa yuqori lavozimli maslahatchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, Qo‘shma Shtatlarning Ukrainadagi tinchlik muzokaralaridan chiqishi haqida taklif bildirgan edi. Shuningdek, AQSH prezidenti Rossiya va Ukrainaning har ikkisi ham urushni tugatishga qiziqish bildirishayotganiga ishonch bildirgandi.
17 aprel kuni Bloomberg agentligi Parijda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida AQSHning Yevropadagi ittifoqchilariga Ukraina bo‘yicha "mustahkam va barqaror tinchlik rejasini" taklif etgani haqida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, kelishuv natijasida Rossiya Ukrainaning allaqachon egallab olgan ayrim hududlarida o‘z nazoratini saqlab qoladi, bundan tashqari, uzoq muddatli tinchlik kelishuvi imzolansa, Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalar bosqichma-bosqich yumshatilishi nazarda tutilmoqda.
Rossiya-Ukraina mojarosida tinchlik kelishuviga oid yangiliklar jahon jamoatchiligining diqqat markazida bo‘lib turibdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar