date
views 661

Putin Zelenskiyning sulh bo‘yicha taklifiga qanday javob qaytardi?

Putin Zelenskiyning sulh bo‘yicha taklifiga qanday javob qaytardi?
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi fuqarolik obyektlariga zarba berishni to‘xtatish taklifini ko‘rib chiqishini ma’lum qildi. Buning uchun Kiyev bilan bevosita muzokaralar olib borish ehtimolini ham istisno qilmadi, deb xabar berdi "Interfaks" agentligi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kremlga mamlakatdagi fuqarolik infratuzilmasiga uzoq masofali raketa va dronlar orqali zarba berishni 30 kunga to‘xtatishni, keyinchalik muddatni uzaytirish imkoniyatini taklif etgan edi.

Putin bu masala sinchkovlik bilan o‘rganilishi kerakligini aytdi va uni ikki tomonlama formatda hal qilish ehtimolini qayd etdi.
"Bu masalani hal qilish kerak, chunki bu — sinchkovlik bilan o‘rganilishi lozim bo‘lgan mavzu, ehtimol, ikki tomonlama tarzda ham", dedi Putin.

Kreml vakili Dmitriy Peskov bu muzokaralar aynan Ukraina bilan bo‘lishi mumkinligini aniqlashtirdi.

Biroq Putin Ukraina tomoni fuqarolik infratuzilmasidan harbiy maqsadlarda foydalanayotganiga ishora qildi. U misol tariqasida 13 aprel kuni Sumi viloyatidagi kongress-markazga berilgan zarbani eslab o‘tdi.

“Bizning armiyamizning Sumidagi kongress-markazga bergan zarbasi hammaga ma’lum. Bu obyekt fuqarolikmi? Ha, albatta. Ammo o‘sha yerda Kursk viloyatida jinoyat sodir etgan shaxslarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi”, — dedi Putin va bu zarbani "haqli qasos" deb atadi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu hujum natijasida jami 35 kishi, shu jumladan, bolalar ham qurbon bo‘lgan edi.

"Bu aynan ularni jazolash uchun qilingan", deya ta’kidladi u.

Sumi ma’muriyati shaharda harbiylarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tganini tasdiqladi, lekin qurbonlarning ko‘p qismi tinch aholi ekanligini ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, harbiylar o‘z vaqtida boshpanaga tushib ulgurgan, tinch aholi esa zarar ko‘rgan.

Foto: Sumida hujumga uchragan kongress-markaz
Sumi viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Vladimir Artyux taqdirlash marosimi haqidagi ma’lumotni tasdiqlaganidan so‘ng, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy uni o‘z lavozimidan ozod qildi.

Shu bilan birga, Putin 4 aprel kuni Krivoy Rog shahridagi hujumga ham to‘xtaldi. Bu zarba oqibatida 21 kishi, jumladan, 9 bola qurbon bo‘lgan. Putinning so‘zlariga ko‘ra, hujum qilingan restoranda harbiylar yig‘ilishlar o‘tkazib, bayram qilishgan va bu ham "haqli zarba" bo‘lgan.

"Restoranda yig‘ilishlar, uchrashuvlar, harbiylar maslahatlar o‘tkazadi, bayram qilishadi, aroq ichishadi va hokazo. Ana o‘sha joyga ham zarba berildi. Bu fuqarolik obyekti emasmi? Fuqarolik. Ammo nishon kim edi? Harbiy", dedi u.

Rossiya mudofaa vazirligi ushbu restoranda ukrainalik harbiylar “g‘arblik instruktorlar” bilan yig‘ilganini ta’kidlagan, lekin bu da’voni tasdiqlaydigan hech qanday dalil keltirilmagan.

Pasxa munosabati bilan 19 aprel kuni Putin 30 soatlik sulh e’lon qilgandi. Lekin Ukraina tomoni bu sulh davomida Rossiya armiyasi 2000 martadan ortiq hujum amalga oshirganini ma’lum qildi.

"Shunga qaramay, yakshanba kuni havo tahdidi haqida hech qanday ogohlantirish yo‘q edi", — dedi Zelenskiy.

O‘z navbatida, Rossiya Ukraina armiyasini Pasxa sulhini bir necha marta buzganlikda aybladi. Shu munosabat bilan Zelenskiy Kremlga yana bir taklif kiritib, fuqarolik obyektlariga uzoq masofali raketa va dronlar bilan zarba berishni 30 kunga to‘xtatishni so‘radi.

Rossiya-Ukraina mojarosidagi ushbu yangi taklif atrofidagi vaziyat qanday yakunlanishi ko‘pchilikning diqqat markazida turibdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin Zelenskiyning sulh bo‘yicha taklifiga qanday javob qaytardi?