date
views 465

Xitoy bahsli orolni o‘z hududi deb e’lon qildi: Filippin bilan ziddiyat kuchaymoqda

Xitoy bahsli orolni o‘z hududi deb e’lon qildi: Filippin bilan ziddiyat kuchaymoqda
Xitoy hukumati Janubiy Xitoy dengizidagi Spratli arxipelagining bahsli hududlaridan biri bo‘lgan Sendi-Key nomli kichik orolni o‘z hududi deb rasman e’lon qildi. Bu haqda XXR markaziy televideniyesi ma’lum qildi.

Spratli arxipelagi anchadan beri Xitoy, Filippin, Vetnam, Tayvan, Malayziya va Bruney davlatlari o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lib keladi. Endilikda Pekin birinchi marta ushbu hududlardan birini rasman egallashga kirishdi.

Xabar qilinishicha, Xitoy sohil xavfsizlik xizmati Sendi-Key oroliga mamlakatning milliy bayrog‘ini o‘rnatib, bu jarayonni foto va videoga tushirgan. XXR bu harakatni «o‘z suverenitetini tasdiqlash va Filippin tomonining noqonunniy harakatlari haqida videodalillar yig‘ish maqsadida amalga oshirilgan» deb izohlamoqda.

Sendi-Key orolining maydoni atigi 200 kvadrat metrdan biroz kattaroq bo‘lib, asosan qumlikdan iborat. Biroq xalqaro qonunlarga ko‘ra, bunday kichik orollar atrofida 22 kilometrlik hududiy suvlar hududini egallashga imkoniyat beradi. Ushbu hududga esa Filippinning eng muhim strategik nuqtasi – Titu oroli ham kiradi. Filippin hukumati ushbu orolda 2023 yildan beri asosiy harbiy bazalaridan birini boshqarib keladi va hozirgi vaqtda uning infratuzilmasi va uchish-qo‘nish yo‘laklari modernizatsiya qilinmoqda.

Shu bilan birga, Filippin dengiz xavfsizligi boshqarmasi xodimi ta’kidlaganidek, Xitoyning sohil xavfsizlik xizmati xodimlari bayroq o‘rnatib, tasvirga olish ishlarini yakunlagandan so‘ng hududni tark etgan. Hozircha orolda Xitoyning doimiy ishtiroki kuzatilmagan.

Bu voqea 28 aprel kuni Spratli arxipelagi yaqinida boshlanadigan keng ko‘lamli Filippin va AQSHning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari arafasida sodir bo‘ldi. Mashg‘ulotlar davomida Filippin va amerikalik harbiylar sohil mudofaasi va orolni egallash bo‘yicha manyovrlar amalga oshirishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli orollar bilan bog‘liq nizolar Ikkinchi jahon urushidan keyin boshlangan. O‘sha vaqtda Yaponiya bu hududlar ustidan nazoratni yo‘qotgan va bir nechta davlatlar orollarga o‘z da’volarini bildirishgan. Hozirda esa Spratli arxipelagi xalqaro munosabatlarda keskinlik o‘chog‘iga aylangan holda qolmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy bahsli orolni o‘z hududi deb e’lon qildi: Filippin bilan ziddiyat kuchaymoqda