date
views 13

Xitoy kompaniyalari Tramp tariflaridan qutulish yo‘lini topdi

Xitoy kompaniyalari Tramp tariflaridan qutulish yo‘lini topdi
AQSH prezidenti Donald Trampning Xitoy tovarlariga qarshi joriy qilgan og‘ir tariflaridan qochish uchun xitoylik ishlab chiqaruvchilar kutilmagan, ammo foydali yechimni topgan ko‘rinadi. Bloomberg axborot agentligining ma’lum qilishicha, ular endi mahsulotlarini Hindiston eksportchilari orqali Amerika bozoriga yetkazib berish yo‘lini izlamoqda.

Hindiston eksport tashkilotlari federatsiyasining bosh direktori Ajay Sahayning aytishicha, yaqinda Guanchjouda o‘tkazilgan Kanton yarmarkasida bir necha Xitoy kompaniyalari hind ishlab chiqaruvchilariga murojaat qilib, AQSHga tovar jo‘natishda yordam berishni taklif qilgan. Ushbu xizmat evaziga ularga yaxshi komissiya taklif qilingani ma’lum qilindi.

AQSH hukumati ko‘plab Xitoy tovarlariga 145 foizgacha bo‘lgan yuqori bojlar belgilagan bo‘lsa, Hindistondan kirib keladigan mahsulotlarga bor-yo‘g‘i 10 foiz tarif qo‘llanadi. Bunday vaziyatda xitoylik eksportchilar uchun hind kompaniyalari orqali savdo qilish ancha manfaatliroq bo‘lib qoladi.

Oldinroq xitoylik kompaniyalar AQSH bozoriga chiqish uchun Vetnamda ishlab chiqarish korxonalarini ochgan yoki mahsulotlarini Tailand orqali yetkazib berishni rejalashtirgan edi. Biroq Donald Tramp bunga ham chek qo‘yib, Vetnam mahsulotlariga 46 foiz tarif joriy qildi. Bu esa Xitoy kompaniyalarini yangi hamkor – Hindistonga murojaat qilishga majbur qildi.

Shuningdek, Xitoy eksportchilari uchun boshqa bir jiddiy muammo ham bor: Hindiston hukumati mamlakatdagi xitoylik sarmoyalarga cheklovlarni saqlab qolmoqda. Bu esa ularning Hindistonda biznes yuritishini yoki bu mamlakat orqali mahsulot eksport qilishini biroz qiyinlashtirishi mumkin.

Mutaxassislarga ko‘ra, xitoyliklardan kelib tushayotgan asosiy takliflar qo‘l asboblari, elektronika va maishiy texnika sohalariga tegishlidir. Eksport mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Hindistonning OayKay Tools kompaniyasi vakili Siddhant Aggarvalning aytishicha, ular ham xitoylik va amerikalik hamkorlari bilan muzokaralar olib bormoqda.

Agar bu reja amalga oshadigan bo‘lsa, xitoylik ishlab chiqaruvchilar o‘z tovarlarini AQSHga nisbatan qulay tariflar bilan olib kirib, katta daromadini saqlab qolishi mumkin. Shu bilan birga, Hindiston eksportchilari ham AQSH bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlab, bu orqali qo‘shimcha daromad olish imkoniga ega bo‘ladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy kompaniyalari Tramp tariflaridan qutulish yo‘lini topdi