
London universitet kolleji (UCL) olimlari Yerning global haroratini pasaytirish uchun mavjud bo‘lgan oddiy samolyotlardan foydalanish imkoniyati mavjudligini aniqlashdi. Bu haqdagi yangi ilmiy tadqiqot natijalari Earth ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
Avvalroq Yer sayyorasini sun’iy sovitish uchun maxsus aerozol zarrachalarini atmosferaga qo‘shish taklif qilingan edi. Bunday zarrachalar Quyosh nurini qaytarib, sayyoraning o‘rtacha haroratini pasaytirishga xizmat qiladi. Ammo oldingi hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu zarralarni ekvator atrofidagi mintaqalarda 20 kilometrgacha yuqori balandlikka sochish talab etilib, bu uchun maxsus samolyotlarni ishlab chiqarish lozim bo‘lar edi.
UCL olimlarining yangi tadqiqotida esa aerozol zarralarni Yerning qutb hududlariga yaqin mintaqalarda, masalan, Norvegiya yoki Alyaska osmonida 13 kilometr balandlikka sochish ham samara berishi mumkinligi aniqlandi. Bu esa mavjud Boeing 777F yuk tashuvchi samolyotlardan foydalanish imkonini ochadi.
Shu bilan birga, yangi usulning ba’zi kamchiliklari ham bor. Zarrachalarni nisbatan past balandlikka sochish, yuqori balandlikka sochilgandan ko‘ra kamroq samaralidir. Shuning uchun kutilgan natijani olish uchun ushbu moddalardan uch barobar ko‘proq miqdorda foydalanishga to‘g‘ri keladi. Bu esa atmosferada kislotali yomg‘irlar kabi noxush ekologik oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, bu usul tropik mintaqalardagi issiqlikni samarali pasaytirmaydi — aynan ushbu hududlarda iqlim o‘zgarishi eng kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
Shuningga qaramasdan, olimlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi barcha imkoniyatlarni sinchkovlik bilan o‘rganmoqda. Mavjud samolyotlardan foydalanish yangi texnika ishlab chiqarishga qaraganda ancha oson va arzon tushadi.
Biroq, olimlar mazkur usulni qo‘llash issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish zaruratini o‘rnini egallamasligini ham ta’kidlamoqda. Global isishning asosiy va uzoq muddatli yechimi sifatida inson faoliyati natijasida hosil bo‘layotgan uglerod izini keskin qisqartirish zarurligi ta’kidlanmoqda.
O'zbekiston yangiliklari London UniversitetGlobal HaroratAerozol ZarrachalarSamolyot FoydalanishIqlim O‘zgarishiUglerod Izini Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar