date
views 107

Trampning tarif urushi: neft bozorida rekord darajadagi pasayish kuzatildi!

Trampning tarif urushi: neft bozorida rekord darajadagi pasayish kuzatildi!
Donald Trampning global miqyosdagi yangi tarif siyosati so‘nggi uch yarim yil ichida jahon bozoridagi neft narxi keskin pasayishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 30 aprel kuni London birjasida Brent markali neft fyucherslari bir barrel uchun 49 sent yoki 0,8 foiz arzonlashib, 63,76 dollargacha tushgan. Shuningdek, AQSHdagi West Texas Intermediate (WTI) navli neft ham 40 sent yoki 0,7 foizga pasayib, bir barrel uchun 60,02 dollarni tashkil etdi.

Joriy yil aprel oyida Brent nefti taxminan 15 foiz, WTI esa 16 foiz arzonladi. Reuters agentligi ta’kidlashicha, bu 2021 yilning noyabridan buyon kuzatilgan eng katta pasayish hisoblanadi.

Neft bozorida kuzatilayotgan bu o‘zgarishlar AQSH prezidenti Donald Trampning joriy yil 2 aprelda e’lon qilgan yangi tarif siyosati bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, Amerikaga import qilinayotgan barcha tovarlarga qo‘shimcha boj solinadigan bo‘ldi. Bu esa nafaqat Xitoy, balki boshqa davlatlar bilan ham global savdo keskinlashuvini keltirib chiqargan. Pekin ma’muriyati ham AQSHning ushbu qarorlariga qarshi choralarni qabul qildi.

Reuters tomonidan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, Tramp ma’muriyatining tarif siyosati jahon iqtisodiyotini keskin retsessiya holatiga olib kelishi mumkinligi haqida xavotirlarni oshirgan. Buni tasdiqlaydigan holatlar ham mavjud: aprel oyida Xitoyning ishlab chiqarish sektorida so‘nggi 16 oy ichidagi eng yuqori sur’atda pasayish kuzatildi.

Shu bilan birga, neft narxining yanada pasayishiga OPЕK+ mamlakatlarining neft ishlab chiqarish hajmini oshirish rejalari ham sabab bo‘lgan. May va iyun oylarida qora oltin qazib olish hajmining oshishi ehtimol qilinayapti.

Ekspertlar fikricha, agar tariflar urushini hal qilish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmasa, bu vaziyat uzoq muddatgacha jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, Xitoy va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi bozor ishtirokchilarining ishonchini pasaytirib, narxlarni yanada arzonlashishiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampning tarif urushi: neft bozorida rekord darajadagi pasayish kuzatildi!