
Xitoy Davlat kengashi axborot byurosi tomonidan e’lon qilingan “Oq kitob”da SARS-CoV-2 koronavirusi AQSHda Xitoyning Uhan shahridagi birinchi holatlardan avval paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.
Hujjatda “muhim dalillar shuni ko‘rsatmoqdaki, COVID-19 Qo‘shma Shtatlarda rasman e’lon qilingan sanadan va Xitoyda tarqalishidan oldinroq paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin”, deyilgan. “Oq kitob”da AQSHning Florida shtatiga alohida e’tibor qaratilgan. U yerda birinchi kasallanish holati 2020 yil 1 martda rasman aniqlangan. Biroq ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shtatda koronavirus yanvar oyidayoq tarqala boshlagan. Shu bilan birga bemorlarning aksariyati mamlakatdan tashqariga chiqmagan.
Aniqlik kiritilishicha, keyinchalik Amerika tomoni bu ma’lumotlarni o‘chirib tashlagan, ma’lumotlarni qayta ishlashga mas’ul bo‘lgan xodimlarni esa ishdan bo‘shatgan.
Bundan oldin AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Oq uy saytida SARS-CoV-2 koronavirusining kelib chiqishiga bag‘ishlangan maxsus sahifani ishga tushirgan edi. U Jo Bayden davrida yuritilgan sahifaning o‘rnini egalladi.
Sahifada virusning tabiatda uchramaydigan biologik xususiyatlarga ega ekani aytilgan. Oq uy bir milliondan ortiq amerikalikning o‘limiga sabab bo‘lgan pandemiyaga Xitoyning Uhan shahridagi laboratoriyadan virus sizib chiqishi sabab bo‘lganini ta’kidlagan.
Koronavirus pandemiyasi tarqalishi
Missuri shtatining Sharqiy okrugi sudi Xitoy hukumatini pandemiya boshida koronavirus tarqalishi haqidagi ma’lumotni yashirganlikda aybdor deb topib, 24 milliard dollardan ko‘proq jarimaga tortgandi.
AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa mamlakatlardan bir guruh olimlar koronavirus tarqalishining manbai Xitoyning Uhan shahridagi dengiz mahsulotlari bozori ekanini aniqlagandi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Nin COVID-19 Xitoy laboratoriyasidan sizib chiqqan bo‘lishi mumkinligini da’vo qilib, Xitoyni obro‘sizlantirishni va koronavirusning kelib chiqishini siyosiylashtirishni bas qilish zarurligini bildirgandi.
2019 yil dekabr oyida Xitoy hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) Vuxanda pnevmoniya avj olgani haqida xabar bergan edi. 2020 yil mart oyida JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus virusning tez tarqalishi tufayli COVID-19 ni pandemiya deb e’lon qildi.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus tufayli 7 milliondan ortiq odam vafot etgan. 2025 yil yanvar oyida Markaziy razvedka boshqarmasi virusning laboratoriyadan kelib chiqishi haqidagi hisobotni e’lon qilgandi.
Xitoy KoronavirusOq KitobAQSHda SARS-CoV-2Koronavirus TarqalishiDonald TrampPandemiya Ma’lumotlari O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar