date
views 158

Ledi Gaga Braziliyada tarixiy konsert o‘tkazdi: 2 milliondan ziyod muxlis yig‘ildi

Ledi Gaga Braziliyada tarixiy konsert o‘tkazdi: 2 milliondan ziyod muxlis yig‘ildi
3 may kuni mashhur amerikalik pop yulduzi Ledi Gaga o‘zining faoliyatidagi eng katta va eng shov-shuvli konsertlaridan birini Braziliyaning eng mashhur sohili – Rio-de-Janeyrodagi Kopakabanada o‘tkazdi. Ushbu tarixiy tadbir bepul tashkil etildi va dunyo bo‘yicha eng ko‘p tomoshabin yig‘gan musiqiy tadbirlar qatoriga kirdi.

Konsert tashkilotchilarining aniq ma’lum qilishicha, Kopakabana sohiliga xonanda ijrosini tomosha qilish uchun 2 million 100 mingdan ziyod muxlis tashrif buyurgan. Ledi Gaga o‘z chiqishini boshlashdan avval sahnadan muxlislarga samimiy minnatdorchilik bildirdi:

«Bugun biz sizlar bilan tarix yaratyapmiz, bu tarixni birgalikda yozayotganimiz uchun har biringizga rahmat aytaman», – dedi yulduz o‘z chiqishini boshlar ekan.

Ushbu ajoyib konsert mahalliy vaqt bilan kechki soat 22:10 da boshlangan bo‘lsa-da, ayrim muxlislar sahna yoqinidan qulay joy egallash uchun ertalabdanoq sohilga kelib joylashishgan va butun kun davomida quyosh ostida konsert boshlanishini sabrsizlik bilan kutishgan. Ba’zi ayniqsa shijoatli tomoshabinlar esa, konsertni yaxshiroq kuzatish uchun hatto atrofdagi daraxtlarga chiqib olganlari xabar qilindi.

Ledi Gaga o‘zining shou dasturini 2011 yilda mashhurlikka erishgan Bloody Mary qo‘shig‘i bilan boshladi va undan so‘ng butun dunyo bo‘ylab millionlab muxlislarning qalbidan joy olgan xitlari – Poker Face, Alejandro, shuningdek, yaqinda chiqargan yangi kompozitsiyasi Abracadabra bilan davom ettirdi. Konsert tom ma’noda muxlislar uchun ajoyib bir bayramga aylanib ketdi.

Konsert haqida o‘z taassurotlari bilan bo‘lishgan muxlislardan biri, 27 yoshli Manuela Dobes o‘z hissiyotlarini yashirmadi:
«Bugun hayotimdagi eng ajoyib kun bo‘ldi. Shunday ulkan tomoshaning bir qismiga aylanganimdan juda baxtiyorman!»

Aytish joizki, mazkur katta tadbir nafaqat pop yulduzi va uning muxlislari uchun, balki butun Rio-de-Janeyro shahri uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. BBC tarqatgan xabarga ko‘ra, konsert tufayli shahar iqtisodiyotiga taxminan 100 million AQSH dollari miqdorida daromad kirib kelishi kutilmoqda. Mahalliy hokimiyatlar shahar iqtisodiyotini yanada rivojlantirish va turistlar oqimini oshirish maqsadida muntazam ravishda bunday katta miqyosdagi tadbirlarni tashkil qilib keladi.

Eslatib o‘tamiz, Kopakabana sohili avval ham Maykl Jekson, Rolling Stones kabi mashhur yulduzlarning ulkan konsertlariga mezbonlik qilgan. Ammo Ledi Gaga tomoshasi oxirgi yillardagi eng ko‘p tomoshabin yig‘ilgan va eng katta shov-shuvga sabab bo‘lgan tadbirlardan biri bo‘ldi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ledi Gaga Braziliyada tarixiy konsert o‘tkazdi: 2 milliondan ziyod muxlis yig‘ildi