
Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’muriyati noqonuniy migrantlar oqimini kamaytirish va mamlakat hududida qonuniy tartibni o‘rnatish maqsadida yangi dasturni amalga oshirishni boshladi. Unga ko‘ra, o‘z ixtiyori bilan vatanga qaytishga qaror qilgan noqonuniy migrantlarga moliyaviy rag‘bat sifatida ming dollar miqdorida pul berish ko‘zda tutilgan. Bu haqda mamlakatning Ichki xavfsizlik vazirligi rasmiy portalida ma’lum qilindi.
Ma’lumotda ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus “CBP Home” mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi. Bu dastur AQSHda noqonuniy tarzda istiqomat qilayotgan shaxslarga mamlakatni hibsga olinmasdan va moliyaviy zarar ko‘rmasdan tark etish imkonini yaratishga qaratilgan. Bu jarayon, o‘z navbatida, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun ham yengillik bo‘lib, soliq to‘lovchilar mablag‘larining sezilarli darajada tejalishiga olib kelishi aytilmoqda.
«Agar siz mamlakatimizda noqonuniy holda yashayotgan bo‘lsangiz, o‘z xohishingiz bilan mamlakatni tark etish – hibsga olinish xavfidan qochishning eng qulay, oson va iqtisodiy samarali usulidir. CBP Home mobil ilovasini yuklab oling va mustaqil tarzda deportatsiya jarayonidan foydalaning», – deya chaqiriq bilan chiqdi AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem.
Ma’lum qilinishicha, mazkur dastur bo‘yicha vatanlariga qaytadigan har bir noqonuniy migrant 1000 dollarlik moliyaviy yordam oladi. Bu mablag‘ ularning qaytadan o‘z davlatlariga moslashuvini osonlashtirish uchun ajratiladi. Shuningdek, bu jarayon AQSH soliq to‘lovchilari mablag‘ining 70 foizgacha tejalishiga imkon berishi ta’kidlanmoqda.
Avvalroq, AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining saylovoldi kampaniyasi davomida noqonuniy migratsiyaga qarshi qat’iy kurash uning dasturining asosiy qismlaridan biri bo‘lishini e’lon qilgan edi. So‘nggi hisobotlarga ko‘ra, bu yilning boshidan hozirga qadar mamlakatdan chiqarib yuborilgan migrantlar soni 117 ming kishiga yetgan.
Shuningdek, aprel oyi boshida The Washington Post nashri o‘zining yuqori martabali manbalariga tayangan holda, 2025 yil oxirigacha AQSH tomonidan deportatsiya qilinadigan noqonuniy migrantlar soni bir million kishiga yetishi mumkinligi haqida ma’lumot tarqatgandi.
AQSH hukumati ushbu dastur orqali nafaqat mamlakatdagi migratsiya tizimini tartibga solishni, balki iqtisodiy resurslarni tejash va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ish yukini yengillashtirishni ham maqsad qilgan. Bu tashabbus qanchalik samarali bo‘lishi va ko‘plab migrantlarning ushbu taklifdan foydalanishi, yaqin kelajakda aniq bo‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar