date
views 22

BAA maktablarida yangi fan o‘qitiladi: sun’iy intellekt hayotning bir qismiga aylanmoqda

BAA maktablarida yangi fan o‘qitiladi: sun’iy intellekt hayotning bir qismiga aylanmoqda
Birlashgan Arab Amirliklari yangi o‘quv yilidan boshlab ta’lim tizimida muhim yangilikni amalga oshirishga qaror qildi. Mamlakat maktablari dasturiga birinchi marta sun’iy intellekt (SI) fan sifatida kiritiladi. Bu haqda mamlakatning yetakchi nashrlaridan biri bo‘lgan Khaleej Times xabar tarqatdi.

Hukumatning tasdiqlashiga ko‘ra, yangi fan davlat ta’lim muassasalarining barcha bosqichlarida, bog‘chadan tortib 12-sinfgacha bo‘lgan barcha o‘quvchilarga o‘qitiladi. Bosh vazir shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum ushbu yangilikning ahamiyatini izohlar ekan, bu qaror yosh avlodni yangi davrning talablariga javob berishga va kelajakda muvaffaqiyatli bo‘lishga tayyorlash uchun kerakligini alohida ta’kidladi.

«Biz bolalarni hozirgi vaqtdan boshlab yangi dunyoga tayyorlashimiz kerak. Sun’iy intellekt sohasidagi bilimlarni egallash yoshlarimiz uchun nafaqat imkoniyat, balki bugungi kunning muhim zaruratidir», – dedi BAA bosh vaziri.

Ta’lim vaziri Sora Bint Yusuf Al-Amirining so‘zlariga ko‘ra, yangi fan doirasida o‘quvchilar sun’iy intellekt asoslari, ma’lumotlarni tahlil qilish va algoritmlarni yaratish, dasturiy ta’minotlar ishlab chiqish kabi amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, SI etikasi, uning jamiyatga ta’siri va kelgusi istiqbollari ham yoritiladi.

O‘quvchilar sun’iy intellektning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini, innovatsion loyihalarni amalga oshirish usullarini, sun’iy intellektning keng qo‘llanilishi bo‘yicha muammolarni hal qilishni ham o‘rganadilar. Shuningdek, yoshlar o‘z bilimlarini loyihalarda sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

«Biz maqsad qilib olgan asosiy vazifa yoshlarning sun’iy intellekt haqidagi bilimlarini chuqurlashtirish, shu bilan birga uning imkoniyat va xavflariga bo‘lgan anglab yetish darajasini oshirishdir. Yangi avlodni biznikidan tubdan farq qiladigan sharoitlarga tayyorlashimiz zarur», – deb ta’kidladi mamlakat bosh vaziri.

BAA hukumati ushbu yangi fanni kiritish orqali, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish hamda neft mahsulotlariga qaramlikni kamaytirish maqsadida raqamli texnologiyalarga yo‘nalgan strategiyani amalga oshirmoqda. Mamlakat kelgusida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning global markaziga aylanishni rejalashtirmoqda.

Amirlik hukumati kelajak texnologiyalari uchun zarur sharoitlarni yaratish, shu bilan birga ta’lim sohasida tub o‘zgarishlarni amalga oshirishda davom etadi. Sun’iy intellekt bo‘yicha yangi fanning o‘quv dasturiga kiritilishi ham aynan shu yo‘nalishdagi dadil qadamlardan biridir.

Yangi avlod sun’iy intellektni maktabdan o‘rganadi – BAA kelajakka muhim qadam tashladi!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » BAA maktablarida yangi fan o‘qitiladi: sun’iy intellekt hayotning bir qismiga aylanmoqda