
Hayotda inson uchun eng muhim va unutilmas onlardan biri – shubhasiz, universitetni tamomlashdir. Bu baxtli lahzani AQSHning Texas shtatida yashovchi ona va o‘g‘il birgalikda nishonlash baxtiga muyassar bo‘lishdi.
Fox 4 News nashrining ma’lum qilishicha, Texaslik Brendi Filds va uning o‘g‘li Kayl Filds uzoq va mashaqqatli ta’lim yo‘lini muvaffaqiyatli yakunlab, birgalikda magistrlik diplomlariga ega chiqdilar.
Ona Brendi Filds biznes boshqaruvi bo‘yicha magistrlik diplomini olgan bo‘lsa, uning o‘g‘li Kayl Filds esa san’at sohasida magistr unvoniga erishgan. Ular uchun bu kun nafaqat katta yutuq, balki oila birdamligi va birgalikdagi mehnatlarining yorqin namunasi bo‘ldi.
«O‘g‘lim bilan birgalikda diplom olishni xayolimga ham keltirmagan edim. Bunday ajoyib voqea hayotimizning eng baxtli va unutilmas lahzasiga aylandi. Biz ikkilamiz ham tunlari uxlamay dars tayyorlardik, qiyinchilik va sinovlarga duch kelsak ham, bir-birimizni doimo qo‘llab-quvvatlab turdik. Sahnaga birga chiqib diplom olish – oilamiz uchun g‘urur va shodlikning ramzi bo‘ldi», dedi Brendi o‘zining his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashar ekan.
Aslida, Brendi uchun bu yo‘l juda oson kechmadi. Uning ta’kidlashicha, u avval ham universitetni bir necha marta tamomlashga harakat qilgan, ammo turli sabablarga ko‘ra bu ishlarni oxiriga yetkaza olmagan. Shu sababli, ko‘p yillik tanaffusdan keyin yana ta’lim jarayoniga qaytish oson bo‘lmaganini tan oldi. Biroq, o‘g‘li bilan birga ushbu yo‘lni bosib o‘tish unga kuch va ilhom bag‘ishlagan.
Brendining o‘g‘li Kayl esa universitetni bitirib, hayotida yangi bosqichga qadam qo‘yganidan juda mamnun. U hozirda Texas nasroniylar universitetining sport jamoasida menejer sifatida faoliyat olib bormoqda va kelajagini ham aynan shu sohada ko‘rmoqda.
«Sport har doim hayotimning ajralmas qismi bo‘lgan. O‘qishni bitirgach ham aynan shu sohada ishlashni rejalashtirganman. Katta orzuim – dunyoga mashhur Nike kompaniyasida ish boshlash va professional jihatdan yanada o‘sishdir», dedi Kayl Filds.
Shunday qilib, ona va o‘g‘il birgalikdagi kuchli iroda, mehnat va o‘zaro yordam bilan o‘zlarining eng katta orzularidan biriga erishdilar. Ularning bu yutug‘i ko‘plab oilalarga namuna bo‘lib, har qanday maqsadga mehnat va ishonch bilan erishish mumkinligini yana bir bor isbotladi.
Ona va O‘g‘ilTexas ShtatiUniversitetni BitirishBrendi FildsKayl FildsSport Jamoasi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar