
10 may kuni Jammu va Kashmir hududida yana qo‘rqinchli portlashlar va otishma ovozlari eshitildi. Hudud poytaxti Srinagar markazidagi havo mudofaa bo‘linmalari faollashdi. Bu haqda mahalliy hokimiyat rahbari Umar Abdulla o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
“Bu otashkesim emas. Srinagar markazidagi mudofaa kuchlari hozirgina o‘q uzdi”, — deb yozdi u.
Pokiston tomonidan kelishuv buzildimi?
The Indian Express nashriga ko‘ra, Pokiston bir necha chegara hududlarida minomyotlar va avtomatlardan o‘t ochgan. Ayniqsa, Udhampur shahri hujumga uchragan, deb xabar beriladi. Shuningdek, Jammu va Kashmir, Rajahstan va Panjob shtatlarida dronlar kuzatilgan.
Oqibatda Panjobdagi chegara hududlarida elektr ta’minoti uzilib qolgan. Bu esa mojaro faqat harbiy emas, infratuzilmaga ham ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘rsatadi.
Hindiston javobsiz qoldirmayapti
Hindiston tashqi ishlar vaziri Vikram Misri so‘nggi soatlarda Pokiston tomonidan kelishuvning bir necha bor buzilganini ta’kidladi.
“Qurolli kuchlarimiz bu qoidabuzarliklarga munosib javob bermoqda. Biz buni juda jiddiy qabul qilamiz va Pokistonni vaziyatga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirib qolamiz”, — dedi u.
Misrining aytishicha, armiyaga keyingi hujumlarning oldini olish uchun qat’iy va mas’uliyatli choralar ko‘rish yuzasidan topshiriq berilgan.
Tramp e’lon qilgan otashkesim – hujjatda, amalda emas?
10 may kuni soat 17:00 dan boshlab Hindiston va Pokiston o‘rtasida otishni to‘xtatish rejimi amalga kirishi haqida dastlab AQSH prezidenti Donald Tramp ma’lum qilgan edi. Keyinroq bu ma’lumotni Nyu-Dehli va Islomobod ham tasdiqlagan.
Biroq voqealar shiddati ushbu kelishuv hozircha hududda amaliy kuchga ega emasligini ko‘rsatmoqda.
Jammu va Kashmir – yana to‘qnashuv markazida
Mojaro 7 mayga o‘tar kechasi yanada kuchaydi. Hindiston nazoratida bo‘lsa-da, Pokiston da’vo qilayotgan Jammu va Kashmirda sodir etilgan terroristik hujum yuzasidan Hindiston:
- Pokistonda joylashgan «Lashkari-Toyba» terror guruhi bilan bog‘liq deb hisoblangan Qarshilik frontini (TRF) aybladi;
- Ushbu tuzilma 26 kishini otib o‘ldirganini ma’lum qildi;
- Nyu-Dehli voqeaga Islomobod bevosita aloqador, deb bayonot berdi, biroq Pokiston barcha ayblovlarni rad etdi.
Zamin.uz tahririyati Jammu va Kashmirdagi holatni mintaqa tinchligi uchun jiddiy xatar sifatida baholaydi. Hozirgi vaziyatda ikki davlatning siyosiy irodasi, xalqaro vositachilarning ta’siri va jahon hamjamiyatining bosimi har qanday kelishuvning haqiqiy amalga oshishiga zamin yarata oladi yoki mojaroni yanada avj oldirishi mumkin.
Jammu va KashmirHindiston va PokistonPortlashlar va OtishmalarMudofaa KuchlariSiyosiy IrodaTerroristik HujumlarXalqaro Vositachilar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar