date
views 109

"Dunyodagi eng kamtar prezident": Xose Muxika 89 yoshida vafot etdi

"Dunyodagi eng kamtar prezident": Xose Muxika 89 yoshida vafot etdi
13 may kuni Urugvayda milliy motam ruhiyati hukm surdi – mamlakatning sobiq prezidenti, butun dunyoda «eng kamtar rahbar» sifatida tanilgan Xose Muxika 89 yoshida olamdan o‘tdi. Muxika bu yil 20 may kuni 90 yoshni qarshi olgan bo‘lardi.

Muxikada saraton kasalligi 2024 yilda aniqlangan. O‘sha paytda u o‘z holati haqida ochiqcha ma’lumot berib, davolanishdan hech qanday dramatizmsiz voz kechishini e’lon qilgandi. 2025 yil boshida esa metastazlar sababli terapiyani to‘xtatishga qaror qilgan. Buni u jamoatchilik oldida – har doimgidek, tiniq va shijoatli so‘zlar bilan bayon qilgandi.

Xose Muxika so‘ngi kunlarigacha o‘zining kichik ferma xonadonida, xayvonotlar bag‘rida hayot kechirdi. U hech qachon prezidentlik saroyida yashamadi, davlat maqomi uchun davlat mablag‘ini isrof qilmadi va prezidentlik maoshini ham asosan ehtiyojmandlarga ehson qilib bordi.

Qamoqdan to mamlakat rahbarligigacha
Xose Muxikaning hayoti – voqelikdagi roman. Siyosiy faoliyatini radikal so‘l qarashli «Tupomaros» harakatida boshlagan. U harbiy diktaturaga qarshi faol kurash olib borgan. Faoliyati sabab bir necha marta hibsga olingan va hatto umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Ammo u bu murakkab yo‘ldan o‘tib, 14 yillik qamoqdan keyin yangi hayotni boshlagan.

Ozodlikka chiqqach, u siyosiy hayotga qayta qadam tashladi – avvaliga deputat, so‘ngra senator va qishloq xo‘jaligi vaziri sifatida faoliyat yuritdi. 2009 yildagi saylovda g‘alaba qozonib, Urugvay prezidentiga aylandi.

"Kambag‘al prezident"ning boy merosi
Muxika rahbarlik qilgan besh yil ichida Urugvay iqtisodiyoti barqaror rivojlandi, kambag‘allik darajasi ancha pasaydi, ijtimoiy adolat va inson huquqlari masalalarida katta islohotlar amalga oshirildi. Uning faoliyati dunyodagi ko‘plab siyosatchilar uchun ibrat namunasi sifatida ko‘rsatildi.

Prezidentlik muddati tugagach, u Senatga qaytdi, lekin ko‘p o‘tmay, rasman nafaqaga chiqdi va o‘z ixtiyori bilan davlatdan har oylik to‘lanishi kerak bo‘lgan to‘lovlardan voz kechdi.

Muxikaning so‘nggi so‘zlaridan biri: «Men boy emasman, lekin baxtliman. Menda kam narsa bor, lekin shukronam katta» degan ibora bo‘ldi. U bu gapi bilan ham millionlab insonlarga hayot falsafasini o‘rgatib ketdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » "Dunyodagi eng kamtar prezident": Xose Muxika 89 yoshida vafot etdi