date
views 0

Modi terrorizmga qarshi kurashda mamlakatning yagona pozitsiyasini olqishladi va «Sinduur» operatsiyasida qurolli kuchlarning muvaffaqiyatini yuqori baholadi

Modi terrorizmga qarshi kurashda mamlakatning yagona pozitsiyasini olqishladi va «Sinduur» operatsiyasida qurolli kuchlarning muvaffaqiyatini yuqori baholadi
«Terror va muzokara birga mavjud bo‘la olmaydi. Terror va savdo birga mavjud bo‘la olmaydi. Suv va qon bir oqimda oqmaydi», — Hindiston bosh vaziri Narendra Modi.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi o‘zining xalqqa yorqin murojaatida mamlakatning qurolli kuchlari, razvedka xizmatlari va olimlariga samimiy minnatdorlik bildirdi hamda «Sinduur» operatsiyasida ularning misli ko‘rilmagan jasorati va aniqligini yuqori baholadi.

Hukumat rahbari ushbu operatsiyani Hindistonning kuch-qudrati, sabr-toqati va adolatga qat’iy sodiqligining yorqin misoli deb atadi.

22 aprel kuni Paxalgamda diniy asosda begunoh fuqarolar o‘z oila a’zolari ko‘z o‘ngida o‘ldirilgan vahshiyona terroristik hujumni qoralar ekan, Modi bu holatni «terror va shafqatsizlikning dahshatli yuzi» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, ushbu voqea nafaqat shaxsan uni chuqur yaralagan, balki Hindistonning birligini yo‘q qilishga qilingan jirkanch urinish bo‘lgan. «Ushbu terror hujumidan keyin butun mamlakat – diniy va siyosiy farqlarga qaramasdan – qat’iy harakatlar uchun yagona front bo‘lib birlashdi», — dedi u.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, «Sinduur» operatsiyasi shunchaki harbiy javob bo‘lib qolmay, balki milliy his-tuyg‘ularning, millionlab fuqarolarning umumiy g‘azabi va qat’iyligining namoyoni bo‘ldi. 6 maydan 7 mayga o‘tar kechasi Hindiston kuchlari Pokiston hududidagi terrorchilarning yashirin boshpanalari va tayyorgarlik lagerlariga aniq zarbalar berdi, bu esa terrorchilar va ularning homiylari uchun kutilmagan zarba bo‘ldi.

Hujumlar natijasida 100 nafardan ziyod mashhur terrorchi yo‘q qilindi, ularning ko‘pchiligi o‘nlab yillar davomida Pokistonda jazosiz ravishda faoliyat yuritgan edi.

«Bahavalpur va Muridke kabi terror markazlari uzoq vaqtdan buyon global terrorizmning o‘chog‘i hisoblanar edi – ular jiddiy zarar ko‘rdi. Ularning rahbarlari Hindiston bunday qat’iyat bilan javob berishini tasavvur ham qilmagan edi», — ta’kidladi Modi. «Hindiston opa-singillarimiz va qizlarimizning "sinduuri"ga qilingan hujumga javoban terrorning asoslarini yo‘q qildi».

Bosh vazir Pokistonning javob tariqasida Hindistonning fuqarolik infrastrukturasi – maktablar, diniy obyektlar va harbiy bazalarga hujum qilishga uringanini bildirdi.

Biroq u Pokistonning dron va raketalar bilan qilingan hujumlari Hindistonning kuchli havo mudofaa tizimi orqali osmonda yo‘q qilinganini ta’kidladi. «Mashhur Pokiston aviabazalari jiddiy zarar ko‘rdi, harbiylari esa hayrat va tushkunlik holatida qoldi», — dedi u.

Hindiston tomonidan uch kunlik keskin qarshi zarbalardan so‘ng, 10 may kuni Pokiston Hindiston harbiy operatsiyalari bosh direktori (DGMO)ga murojaat qilib, vaziyatni yumshatishni so‘radi va harbiy harakatlar hamda terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga va’da berdi. Hindiston keyingi harakatlarni to‘xtatishga rozi bo‘ldi, ammo Pokistonning xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatib borish huquqini saqlab qoldi. «Biz Pokistonning har bir qadamini uning amaliga qarab baholaymiz», — ta’kidladi Modi.

Bosh vazir Modi «Sinduur» operatsiyasi Hindistonning terrorizmga qarshi kurashida yangi standart o‘rnatganini ma’lum qildi. U mamlakatning yangi antiterror siyosatining uchta asosiy prinsipini ajratib ko‘rsatdi:

Qat’iy va mutanosib javob: Hindiston hududidagi har qanday terror hujumiga qat’iy va adekvat javob beriladi.

Yadroviy tahdidga yo‘l qo‘yilmaydi: Hindiston terrorchilik harakatlarini yashirish uchun yadroviy tahdiddan foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi.

Davlat va terror o‘rtasida farq yo‘q: terrorni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar va terrorchilar bir xil ko‘riladi.

Terrorni davlat darajasida qo‘llab-quvvatlashning dalillariga ishora qilib, Modi Pokistonning yuqori martabali harbiylari yo‘q qilingan terrorchilarning dafn marosimida ishtirok etganini, bu esa Islomobodning terror bilan aloqadorligini yana bir bor tasdiqlashini ta’kidladi.

Modi Hindistonning qurolli kuchlari — armiya, dengiz floti, havo kuchlari va xavfsizlik xizmatlari bilan faxrlanishini bildirdi. U «Hindistonda ishlab chiqarilgan» («Made in India») tashabbusi doirasida yaratilgan mudofaa mahsulotlarining muvaffaqiyatini alohida ta’kidlab, operatsiya zamonaviy urush sharoitida mahalliy qurollarning samaradorligini isbotlaganini bildirdi.

«Bu operatsiya XXI asrdagi urush haqidagi tushunchalarni o‘zgartirdi. Bizning kuchimiz birligimizda, terrorga qarshi qat’iylik esa tinchlikka erishishning yagona yo‘lidir», — dedi u.

Bosh vazir Modi Pokistonni terrorni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmaslikka chaqirib, bu mamlakatning qulashiga olib kelishini ta’kidladi. «Pokiston tinchlik istasa, terror infratuzilmasini yo‘q qilishi shart. Boshqa yo‘l yo‘q», — dedi u.

U Hindistonning xalqaro maydondagi o‘zgarmas pozitsiyasini tasdiqladi: Pokiston bilan har qanday muzokara faqat terrorizm va Pokiston bosib olgan Kashmir (PoK) masalalari bo‘yicha bo‘lishi mumkin. «Terror va muzokara birga bo‘lmaydi. Terror va savdo birga bo‘lmaydi. Suv va qon bir oqimda oqmaydi», — deb takrorladi u.

Budda Purnima bayrami munosabati bilan nutqini yakunlar ekan, bosh vazir Buddaning ta’limotiga murojaat qilib, haqiqiy tinchlik kuchsiz bo‘lmasligini ta’kidladi. «Hindiston rivojlangan davlatga aylanishi uchun, fuqarolar tinch yashashi kerak. Buning uchun esa zarur bo‘lganda kuch qo‘llashga tayyor bo‘lish lozim», — dedi u.

U Hindiston qurolli kuchlariga va har bir hindistonlikning qaysar ruhiga hurmat bildirdi, mamlakatning birligi, xavfsizligi va suverenitetiga sadoqatini yana bir bor tasdiqladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Modi terrorizmga qarshi kurashda mamlakatning yagona pozitsiyasini olqishladi va «Sinduur» operatsiyasida qurolli kuchlarning muvaffaqiyatini yuqori baholadi