
Assalomu alaykum. Bugun, 18 may, yana yakshanba. Ortda qolayotgan hafta Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar boshlangani bilan yodda qoldi. Lekin bu muzokaralar kutilganidek jiddiy o‘tmadi. Shuningdek, hafta davomida AQSH prezidenti Tramp arab davlatlarida pulga ko‘mildi. Quyida haftaning eng muhim voqealarini eslaymiz.
Istanbul muzokaralari
16 may kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Rossiya va Ukraina o‘rtasida uch yil ichida ilk marta to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara o‘tkazildi. Bu uchrashuvni Rossiya prezidenti Putin taklif qilgandi. Kiyev bunga rozi bo‘ldi va Zelenskiy shaxsan o‘zi eng yuqori martabali mulozimlari bilan Turkiyaga yo‘l oldi. Biroq Putin muzokaraga bormadi. Rossiya delegatsiyasini uning yordamchisi Medinskiy boshqardi. Xuddi uch yil oldin bo‘lgani kabi.
Rossiyaning yondashuvidan xafsalasi pir bo‘lgan Zelenskiy ham muzokarada o‘zi qatnashmasligini aytib, vazir o‘rinbosarlari darajasida delegatsiya yubordi. Bu nojiddiy muzokaralarda tabiiyki, urushni tugatish bo‘yicha hech qanday kelishuv bo‘lmadi.
Rossiya Sumi va Xarkivni ham olishi mumkin
Istanbuldagi muzokaralar haftaning eng muhim voqeasi bo‘lgani uchun unga ko‘proq to‘xtalishga majburmiz. The Economist muxbiri va ukrainalik deputat tarqatgan xabarga ko‘ra, Turkiyadagi muzokaralar davomida Rossiya delegatsiyasi rahbari Medinskiy ruslar xohlasa Sumi va Xarkiv oblastini ham egallab olishi bilan tahdid qilgan. Shuningdek, Ukraina delegatsiyasi rahbari Umerovga Rossiya abadiy urushga tayyorligi, Shvetsiya bilan 21 yil urushganini eslatgan. «Siz qancha urusha olasiz?» deb savol bergan Medinskiy Ukriana delegatsiyasiga.
Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘nmadi
Istanbul muzokaralarida Ukraina tomoni eng avvalo o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi edi. Biroq Rossiya bunga ko‘nmadi. Ruslar urushni vaqtincha to‘xtatishni hatto muhokama qilishni istamagan. Keyinchalik Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy bu holatni izohlab, Rossiya kanaliga intervyu berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, urushlar va muzokaralar doim parallel kechgan. Urushni to‘xtatib, keyin muzokara o‘tkazishni taklif qilganlar tarixni bilmas ekan.
Tramp pulga ko‘mildi
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining ilk xorijiy turnesi doirasida uch arab davlatiga tashrif buyurdi. Saudiya, BAA va Qatar Trampni basma-basiga dabdaba bilan kutib oldi: hali tuyalardan iborat kortej deysizmi, hali soch raqsini ijro etayotgan ayollar. Kutib olishdan ham imzolangan hujjatlar dabdabaliroq bo‘ldi. Saudiya bilan 600 milliard dollarlik, Qatar va BAA bilan 1 trillion dollardan ortiq kelishuvlar imzolandi.
Bu kelishuvlar harbiy soha, samolyotlar xaridi va sunʼiy intellektga sarmoya ko‘rinishida bo‘ldi. Xullas, arablar Trampni pulga ko‘mdi. Bu shartnomalar shunchalik katta summada bo‘ldiki, hatto arablar Tramp Falastinni tan olishi uchun sarmoya qilmoqda, degan gaplar chiqdi. Netanyahu oxirgi vaqtlarda Trampdan arazlab yurgani inobatga olinsa, bu variantni ham istisno qilib bo‘lmaydi.
Tramp Jo‘laniy bilan uchrashdi
AQSH prezidenti Donald Trampning Suriya prezidenti, endilikda Ahmad ash-Sharʼa bo‘lgan Abu Muhammad al Jo‘laniy bilan uchrashganiga alohida to‘xtalmasak bo‘lmaydi, chunki bu chindan unikal voqea bo‘ldi. Vashington kechagacha Jo‘laniyni dunyodagi eng xavfli terrorchilardan biri deb hisoblar, uning kallasi uchun mukofot puli eʼlon qilgandi. Lekin endi AQSH prezidenti u bilan jilmayib ko‘rishib, Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishini aytdi. Tramp shu tariqa Suriyaga imkon berishini bildirdi.
Tramp bilan uchrashuvi endi Jo‘laniyni to‘liq legitim qildi desak bo‘ladi. Chunki Suriya rivojlanishi uchun endi hech qanday cheklov, to‘siq qolmadi. Endi faqat berilgan imkoniyatdan foydalanib zamonaviy davlat kabi rivojlanish kerak.
Tramp va Putin uchrashuvi
Hafta davomida Istanbul va Arabistondagi bayonotlardan maʼlum bo‘ldiki, Ukrainadagi urush faqat Donald Tramp va Vladimir Putin uchrashganda yakunlanishi mumkin. Avvaliga Tramp ham Istanbulga bormoqchi edi, lekin Putin Turkiyaga bormagani maʼlum bo‘lgach, AQSH prezidentining ritorikasi o‘zgarib, men bormagach, Putin ham bormaydi-da, deyishga o‘tdi. Xususan, Arabistonga safarini yakunlab qaytayotganda samolyotda shunday dedi.
Tramp davlat kotibi Rubioni Turkiyaga Rossiya–Ukraina muzokaralarida qatnashish uchun yuborgandi, lekin bu ham sodir bo‘lmadi. Axir Rossiyadan hatto Rubioning darajasiga teng biror diplomat kelmagandi. Davlat kotibi ham Tramp va Putin uchrashmasa, hech narsa hal bo‘lmasigini ochiq aytdi.
Jurnalistlar Trampdan Putin bilan qachon uchrashishini so‘rashdi. U esa BAAga safaridan keyin jon deb ko‘rishgan bo‘lishi, lekin hozir uyiga borib yangi tug‘ilgan nabirasini ko‘rishni istayotganini aytib javob berdi. Putin bilan uchrashuv muddati haqida balki 2-3 haftada, deb javob berdi. Shu tariqa Trampdan yangi dedlayn eshitdik.
Hafta davomida yana bir uchrashuv muhokama qilindi. Zelenskiy va Putin o‘rtasidagi uchrashuv. Menimcha, bu uchrashuv hech qachon sodir bo‘lmaydi. Chunki Putin barchasini Tramp bilan uchrashuvda hal qilmoqchi.
Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan oxirgi xabarimiz edi. Albatta, hafta davomida dunyoda ko‘p voqealar bo‘ldi, lekin Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha uch yil ichidagi ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara va Trampning G‘azodagi falastinliklar millatdoshlari arablar bilan seriyali uchrashuvlari barchasini bosib ketdi. Hozir dunyoda shu ikki urushni tugatishdan muhimroq hech qanday narsa yo‘q axir. Umid qilamiz, keyingi haftada tinchlikka yaqinlashamiz...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Fotokollaj Kun.uz
Istanbul MuzokaralariAQSH PrezidentiRossiya UkrainaZelenskiy TrampO‘t OchishniArab DavlatlariHarbiy KelishuvlarTramp UchrashuviTinchlikka Yaqinlashish O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar