
AQSHning Kaliforniya shtatida joylashgan East Bay Vivarium hayvonlar parvarishlash markazida noodatiy tabiiy hodisa qayd etildi — inkubator sharoitida dunyoga kelgan ilonning ikki boshli ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Popular Science nashri ma’lumot berdi.
7 oylik “siam egizagi”
Markaz xodimlari ilon bolasini inkubatordan chiqargan paytda uning bir emas, ikki boshli ekaniga guvoh bo‘lishgan. Bunday holat biologiyada siam egizaklari deb ataladi. Bu — tug‘ma holat bo‘lib, ikki bola birga tug‘iladi va ularning tanalari birikkan holda bo‘ladi. Ammo East Bay Vivarium mutaxassislari qayd etishicha, bu ilonda bitta to‘liq faol ichki a’zolar tizimi mavjud bo‘lib, bu uning hayotda qolishiga sabab bo‘lgan.
Bir bosh “boshqaruvchi”, ikkinchisi kuzatuvchi
Xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, ilon dominant — ya’ni asosiy bosh orqali oziqlanadi, ikkinchi bosh esa nafas oladi, atrofni kuzatadi, tilini chiqaradi va tashqari ta’sirga javob qaytaradi. Biroq u ovqatlanishda qatnashmaydi. Ilgari bunday ilonlarning ko‘pchiligi bir necha hafta ichida nobud bo‘lgan, chunki ikki boshli tana ichidagi murakkab organ tizimlari bir-biri bilan raqobatga kirishgan yoki ish faoliyatida to‘qnash kelgan.
Tabiatda kam uchraydigan mo‘jiza
Lampropeltis californiae turiga mansub bu ilonlar odatda 1,5 metrgacha o‘sadi va insonga xavf solmaydi. Ular tabiatda asosan yarim cho‘llarda, butazorlarda va siyrak o‘rmonlarda uchraydi. Oziqlanish manbalari esa kaltakesaklar, kichik kemiruvchilar va hatto boshqa ilonlardan iborat.

East Bay Vivarium markazi vakillariga ko‘ra, agar ushbu noodatiy ilon bir yoshga to‘lguncha yashab qolsa, uni doimiy namoyish ekspozitsiyasiga o‘tkazish mumkin bo‘ladi.
Zamin.uz tahririyatidan:
Bunday hodisalar tabiatning o‘zgacha va olamshumul qirralarini namoyon etuvchi jonli misoldir. Ilmiy tadqiqot va biologik kuzatuvlar uchun ushbu ikki boshli ilon qimmatli namunaga aylanishi mumkin. Siz shunday tabiiy mo‘jizalarga qanday munosabatdasiz? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar