date
views 4 254

Kaspiyda yangi orol paydo bo‘ldi: olimlar kashfiyotni tasdiqlashdi

Kaspiyda yangi orol paydo bo‘ldi: olimlar kashfiyotni tasdiqlashdi
Rossiyalik olimlar Kaspiy dengizi sathining pasayishi ortidan yangi orol yuzaga kelganini rasman e’lon qildi. Ekspeditsiya a’zolari bu geografik hodisani tarixiy deb atashmoqda.

Kaspiy dengizi yana bir hayratlanarli geografik o‘zgarishga guvohlik berdi. Rossiya Fanlar akademiyasining Shirshov nomidagi Okeanologiya instituti matbuot xizmati tarqatgan rasmiy bayonotga ko‘ra, dengizning shimoliy qismida yangi orol shakllangani tasdiqlandi. Ushbu taassufsiz yangilik ilk marta 2024 yil noyabr oyida kosmik suratlar orqali aniqlangan, biroq u paytda orolning haqiqiy mavjudligi masalasi bahsli edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ekspeditsiyani Okeanologiya institutining Kaspiy filiali, Astraxan davlat qo‘riqxonasi va Rossiya Fanlar akademiyasining mutaxassislari hamkorlikda tashkil etgan. Ularning keng qamrovli tadqiqot ishlari davomida Kichik Marvarid orolidan taxminan 30 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan yangi orolning borligi isbotlandi.

Qum tepalikli nam tekislik — yangi tabiiy shakl

Ekspeditsiya qatnashchilari tabiiy sharoit va sayoz suvlar tufayli orolning ichki qismiga kira olmagan bo‘lsalar-da, kvadrokopter yordamida olingan videotasvirlar orqali orolning strukturasi aniq ko‘zga tashlangan. Olimlar ta’kidlashicha, hozircha orol dengiz sathidan biroz balandlikdagi nam tekislikdan iborat bo‘lib, uning yuzasi qum tepaliklari bilan qoplangan.

Mutaxassislar bu orol Volga daryosining bahorgi toshqini ortidan shakllanganini aytishmoqda. “Suv sathi eng past pallaga tushganida orolning ko‘rinishi yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Hozircha uning tuzilishi sodda, lekin kelgusida juda muhim ekotizimga aylanishi mumkin”, deyiladi Okeanologiya instituti xabarida.

Buyuk potensialga ega orol: qushlar va tyulenlar uchun yangi maskan

Olimlarning fikricha, Kaspiy dengizi sathining pasayishi davom etsa, yangi orol maydoni kengayadi. Bu o‘z navbatida uni biologik jihatdan muhim maskanga aylantirishi mumkin. Xususan, u noyob qush turlari uchun in qurish va Kaspiy tyulenlari uchun yotoq hudud bo‘lishi ehtimoli bor.

Ayni paytda mutaxassislar orolning geografik tavsifini shakllantirish ustida ish olib bormoqda. Shunga qo‘shimcha ravishda, unga rasmiy nom berish bo‘yicha takliflar tayyorlanayotgani ham ma’lum qilindi.

Dengizning chekinayotgan siqilishi: bu qanchalik xavfli?

Kaspiy dengizi so‘ngi yillarda global iqlim o‘zgarishi, daryolarning oqimi kamayishi va buhlanish miqdorining oshib borishi sababli jiddiy ekologik o‘zgarishlarga uchramoqda. Bu orolning paydo bo‘lishi esa ana shu jarayonning yana bir real tasdig‘i hisoblanadi.

Ekologlar va geologlar bunday o‘zgarishlar dengizning umumiy biosferasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Ammo bu kabi yangi shakllangan tabiiy hududlar to‘g‘ri muhofaza qilinsa, kelajakda yangi hayot manbai sifatida xizmat qilishi mumkin.

Rossiyalik olimlar tomonidan Kaspiyda yaqinda aniqlangan yangi orol — bu faqat geografik kashfiyot emas, balki dengizning ekologik tizimidagi jiddiy o‘zgarishlarning jonli isbotidir. Unga beriladigan rasmiy nom va kelgusi ilmiy tadqiqotlar esa bu hududning jahon geografiyasidagi yangi sahifasini ochishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kaspiyda yangi orol paydo bo‘ldi: olimlar kashfiyotni tasdiqlashdi