date
views 231

AQSH xitoylik talabalar vizalarini qayta ko‘rib chiqmoqda — "tozalash"ga kirishildi

AQSH xitoylik talabalar vizalarini qayta ko‘rib chiqmoqda — "tozalash"ga kirishildi
AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar yana bir bor keskinlashdi. Bu safar muammo ilmiy sohada tahsil olayotgan xitoylik talabalarga tegishli vizalar atrofida yuzaga keldi. AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) Kommunistik partiyasiga aloqador yoki “strategik ahamiyatga ega sohalarda” ta’lim olayotgan talabalarning vizalarini bekor qilishni ko‘zlamoqda. Bu haqda AQSH Davlat departamenti rahbari Marko Rubio ma’lum qildi.

Vizalar to‘xtatildi, tekshiruvlar kuchaytirildi

Rubio o‘z bayonotida Xitoy va Honkongdan keladigan barcha viza arizalari uchun tekshiruv talablari yanada qattiqlashtirilishini va yangi talabalar suhbatlari vaqtincha to‘xtatilganini ta’kidladi. Politico nashrining ma’lum qilishicha, Amerika elchixonalari va konsulliklaridagi viza jarayonlari ham qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Ayni paytda Amerika oliygohlarida taxminan 277 ming nafar xitoylik talabalar tahsil olmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Xitoy AQSHdagi xorijlik talabalar reytingida ikkinchi o‘rinni egallaydi. Birinchi o‘rinda esa 331 ming nafar hindistonlik talabalar bor.

"O‘ta muhim sohalar" deganda nima tushuniladi?

Bayonotda “o‘ta muhim sohalar” degan tushuncha aniq izohlanmagan. Ammo The New York Times gazetasi yozishicha, gap ko‘pincha tabiiy fanlar, injeneriya, texnologiya va harbiy yo‘nalishdagi tadqiqotlar haqida ketmoqda. Sababi, so‘nggi yillarda AQSH rasmiylari Xitoy hukumati Amerika universitetlarida o‘qigan olimlarni o‘z mamlakatlariga yollayotganini va bu orqali ilmiy ma’lumotlar “ichkaridan” chiqib ketayotganidan xavotir bildirishgan.

Bundan tashqari, AQSH hukumati talabalarning Xitoy Kommunistik partiyasi bilan aniq qanday aloqasi borligini qanday aniqlashini ham rasman bayon qilmagan.

AQSH universitetlari ham xavotirda

Ko‘p yillar davomida Amerika universitetlari Xitoydan kelgan talabalarni qizg‘in qarshi olgan — ular nafaqat bilim sohasidagi yutuqlari, balki o‘qish to‘lovlari orqali oliy ta’lim muassasalariga salmoqli daromad olib kelayotgani bilan ham qadrlangan. Talabalarning vizalari bekor qilinishi universitetlarning xalqaro aloqalari va ilmiy tadqiqot salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Xitoy rasmiylari AQSHga norozilik bildirdi

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQSH tomonidan talabalar vizalarining bekor qilinishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlarga munosabat bildirdi. Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, bu kabi harakatlar qonuniy ravishda ta’lim olayotgan talabalarning huquqlarini buzadi va ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va ilmiy almashinuv jarayonlariga jiddiy zarba beradi.

Vazirlik matbuot kotibi Mao Ninning ta’kidlashicha, AQSHning bunday qadamlari nafaqat talabalar, balki keng qamrovli Xitoy-AQSH munosabatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Talabalar vizalari atrofida yuzaga kelgan bu yangi mojaro AQSH va Xitoy o‘rtasidagi keng ko‘lamli geosiyosiy kurashning navbatdagi qadami sifatida baholanmoqda. Ilmiy sohada tahsil olayotgan yoshlar siyosiy qarama-qarshilik qurboniga aylanar ekan, ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va madaniyat aloqalari yanada murakkablashishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH xitoylik talabalar vizalarini qayta ko‘rib chiqmoqda — "tozalash"ga kirishildi