
AQSH prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog 29 may, payshanba kuni ABC News telekanaliga bergan intervyusida Rossiyaning NATO alyansining sharqqa kengayishi haqidagi tashvishlari «asosli» ekanini bildirdi. Bu gap ko‘pchilik uchun biroz kutilmagan bo‘lsa-da, Kellog ushbu xavotirlarni adolatli deb atadi.
«Rossiyaning bu boradagi tashvishiga to‘liq tushunamiz. Biz bir necha bor Ukraina NATOga qabul qilinish masalasi bugun kun tartibida emasligini ta’kidlaganmiz. Bu fikrni, menimcha, yana kamida to‘rtta NATO a’zosi bo‘lgan mamlakat ham bildirgan», — dedi Kellog o‘z so‘zida.
Shuningdek, Kit Kellog muzokara jarayoniga oid yana bir muhim xabarni ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar va Ukraina tomoni hozirgacha Rossiya tomonidan taklif etilayotgan, tinchlikka oid shartlar aks etgan memorandumni olmagan. Shunga qaramasdan, AQSH Ukraina hukumatini urushni to‘xtatishga qaratilgan muzokaralarda faol bo‘lishga va undan chiqmaslikka chaqirmoqda.
Kellog Ukraina mudofaa vaziri va mamlakatning muzokaralardagi rasmiy vakili Rustem Umerov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatini eslatib, «Muzokaraga kelmayman, demang. Sizning jiddiy ekaningizni ko‘rishlari lozim», degan maslahatini yana bir bor takrorladi. AQSH vakiliga ko‘ra, ushbu muzokaralarning eng muhim maqsadi urushni va «qotilliklarni» to‘xtatish bo‘lib qoladi.
Shuningdek, Kit Kellog kelasi 2 iyun kuni Istanbul shahrida o‘tadigan muzokaralarda nafaqat AQSH, balki Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchilari ham ishtirok etishini tasdiqladi. Bu esa muzokaralar keng qamrovli va jiddiy tus olishi mumkinligidan dalolat bermoqda.
Rossiya tomoni esa ushbu uchrashuvda o‘z delegatsiyasini yana prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshqarishini ma’lum qilgan edi. Medinskiy avvalgi muzokaralarda ham Rossiya vakili sifatida ishtirok etib kelmoqda va Ukraina bilan munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha eng yuqori darajadagi kelishuvlarga erishishni maqsad qilgan.
Xalqaro kuzatuvchilar ushbu muzokara jarayonini diqqat bilan kuzatib borishmoqda. Chunki bu uchrashuvlarning natijasi nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar, balki butun Yevropa xavfsizligi uchun ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Endi asosiy savol shuki, AQSH va Yevropa davlatlari ishtirokida o‘tadigan Istanbul muzokaralari haqiqiy tinchlikka olib keladimi yoki yana diplomatik to‘qnashuvlar bilan cheklanadimi? Buning javobini esa faqat vaqt ko‘rsatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar