date
views 75

Zelenskiy va Erdo‘g‘an tinchlik muzokaralarini tezlashtirishni muhokama qildi

Zelenskiy va Erdo‘g‘an tinchlik muzokaralarini tezlashtirishni muhokama qildi
30 may kuni kechqurun Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasida muhim telefon suhbati bo‘lib o‘tdi. Turkiya prezidenti matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, suhbatda asosiy e’tibor Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tinch yo‘l bilan to‘xtatish masalasiga qaratildi.

Prezident Erdo‘g‘an Turkiyaning tinchlik jarayonidagi vositachi rolini yana bir bor tasdiqladi va Rossiya hamda Ukraina rahbarlari o‘rtasida tez fursatda yuzma-yuz uchrashuv tashkil etilishini juda muhim deb hisoblashini bildirdi. Uning fikricha, muzokaralarni Istanbulda davom ettirish va ikkinchi raundda o‘t ochishni to‘xtatish imkonini muhokama qilish – mintaqadagi barqarorlikka yo‘l ochadi.

Shuningdek, Erdo‘g‘an ikki delegatsiya muzokaralari yakunlangach, Zelenskiy va Putinning to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilishi lozimligini ta’kidladi. U bu uchrashuvni paysalga solmasdan amalga oshirish zarurligini alohida urg‘uladi.

Zelenskiy esa suhbatni “juda mazmunli va mantiqiy” deb atadi. Unga ko‘ra, Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralarning birinchi raundi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. «Asirlar almashinuvi bu jarayonning yagona muvaffaqiyati bo‘ldi, afsuski. Bizga tinchlik kerak, va buning uchun, birinchi navbatda, o‘t ochishni to‘xtatish kerak», — dedi Zelenskiy.

Ukraina yetakchisi shuningdek, Moskva bilan ehtimoliy yangi uchrashuv va unda qanday shartlarda ishtirok etishlari mumkinligi haqidagi muzokaralar borayotganini aytdi. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya tomoni muzokaralarning yangi bosqichini 2 iyun kuni Istanbulda o‘tkazishni taklif qilgan. Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Kiyev bu uchrashuvga tayyor ekanini bildirgan, biroq Moskva va’da qilgan memorandum matnini oldindan taqdim etmasdan turib, muzokaraga borish to‘g‘risida qaror chiqarilmaganini ma’lum qildi.

Rossiya esa hujjatni faqat muzokaralar paytida taqdim etish niyatida ekanini aytmoqda. Shu bois, 2 iyun kuni Istanbulda uchrashuv bo‘lib o‘tadi yoki yo‘qligi hozircha aniq emas. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya delegatsiyasi muzokaralar uchun Istanbulga yo‘l olganini va dushanba kuni ertalabdan ikkinchi bosqich muzokaralarini boshlashga tayyorligini ma’lum qildi.

Ayni paytda, The Washington Post gazetasi Ukraina ehtimoliy “diplomatik bosim” ostida qolishi mumkinligi haqida yozmoqda. Nashrning ta’kidlashicha, AQSH Kiyevni Istanbul muzokaralarida ishtirok etishga majburlashga harakat qilishi mumkin. Bu esa Ukraina uchun noqulay siyosiy vaziyatni keltirib chiqarishi mumkin.

Mintaqadagi tinchlik va barqarorlik uchun olib borilayotgan diplomatik harakatlar jahon hamjamiyati diqqat markazida qolmoqda. Zelenskiy va Erdo‘g‘anning telefon orqali muloqoti – ana shu jarayondagi navbatdagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy va Erdo‘g‘an tinchlik muzokaralarini tezlashtirishni muhokama qildi