date
views 87

OPЕK+ neft qazib olishni 411 ming barrelga oshiradi

OPЕK+ neft qazib olishni 411 ming barrelga oshiradi
31 may kuni OPЕK+ guruhiga a’zo sakkizta davlat — Saudiya Arabistoni, Rossiya, Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt, Qozog‘iston, Jazoir va O‘mon neft qazib olish hajmini oshirishga doir muhim kelishuvga erishdi. Tashkilot rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, kelishuv doirasida ushbu mamlakatlar joriy yilning iyul oyidan boshlab kuniga 411 ming barrel qo‘shimcha neft qazib chiqaradi.

Virtual formatda o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida ishtirokchi davlatlar jahon energetika bozoridagi so‘nggi vaziyat va istiqbolli ssenariylarni muhokama qildi. Mutaxassislar fikricha, ushbu qaror global iqtisodiy barqarorlik, bozordagi talab va taklif muvozanati hamda tijorat neft zaxiralarining pastligi fonida qabul qilindi.

OPЕK+ ushbu miqdorni "uch oylik o‘sish ekvivalenti" deb baholamoqda. Boshqacha aytganda, iyul oyidagi qo‘shimcha qazib chiqarish 411 ming barrel bilan cheklanmasligi, kelgusida yanada oshirilishi mumkin.

Shu bilan birga, tashkilot bu jarayonni to‘liq moslashuvchan saqlashini ta’kidlamoqda. Agar jahon bozoridagi kon’yunktura o‘zgarsa, qazib olish miqdori qayta ko‘rib chiqilishi yoki vaqtincha to‘xtatilishi mumkin. Bu esa OPЕK+ ga neft narxini barqaror va boshqariladigan holda ushlab turish imkonini beradi.

Ekspertlar fikricha, bu qaror jahon energetika sektoridagi nozik muvozanatni saqlab qolishga qaratilgan strategik qadam hisoblanadi. Shu bilan birga, AQSH va Yevropa davlatlarining neft zaxiralarini oshirishga qaratilgan bosimi, Xitoy va Hindistondagi talab o‘sishi, Rossiyaga qarshi sanksiyalar ta’siridagi murakkab muhitda bunday kelishuv bozor uchun muhim signal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu tariqa, OPЕK+ guruhi yana bir bor o‘zini global neft siyosatining asosiy “o‘yinchi”si sifatida namoyon etdi. Bozordagi har bir harakat endi ushbu guruhning strategik qarorlariga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » OPЕK+ neft qazib olishni 411 ming barrelga oshiradi