
Qirg‘izistonda elektron sigaretalarga qarshi qat’iy kurash boshlanmoqda. Davlat rahbariyati va Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda elektron tamaki mahsulotlarini olib kirish, sotish hamda ishlatishni butunlay taqiqlovchi yangi qonun kuchga kirishini e’lon qildi. Mazkur qaror joriy yilning 1 iyulidan amalga oshirila boshlanadi.
Bu jiddiy qarorning sabablari ham shunchalik jiddiydir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Qirg‘izistondagi vakili Liviu Vedrasko ma’lum qilishicha, mamlakatda har o‘ninchi bola muntazam ravishda tamaki mahsulotlari chekib kelmoqda. Bundan tashqari, har beshinchi maktab o‘quvchisi allaqachon turli tamaki mahsulotlarini sinab ko‘rgan. Bu raqamlar nafaqat davlat idoralarini, balki jamiyatni ham jiddiy xavotirga solmoqda.
"Qirg‘izistonda tamaki mahsulotlarini sotib olish uchun yosh bilan bog‘liq cheklovlar mavjud, lekin amalda ular juda kam hollarda ishlaydi. Maktab o‘quvchilarining 87 foizi sigaretalarni kiosk va do‘konlardan bemalol xarid qilmoqda va ulardan hech kim hujjat yoki yoshini so‘ramaydi. Bu esa katta muammo bo‘lib qolmoqda," — dedi Liviu Vedrasko.
Eng katta xavf, elektron sigaretalarning jozibali ko‘rinishga ega bo‘lishi va turli ta’mlari bilan yosh avlodni jalb qilishidir. Haqiqatan ham, elektron sigaretalarni ishlab chiqaruvchilar ularni meva va shirinliklar ta’mi bilan bezab, xavfsizlikning soxta tasavvurini uyg‘otmoqda. Ammo mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu mahsulotlarning tarkibidagi nikotin kuchli giyohvandlik keltirib chiqarishi va organizmda 20 dan ortiq saraton kasalliklari xavfini oshirishi aniqlangan.
Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda elektron sigaretalar iste’molini to‘liq yo‘q qilish maqsadida, ushbu odatdan voz kechishni istagan aholiga yordam berishga tayyor ekanini ham ma’lum qildi. Chekishdan voz kechish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun maxsus ishonch telefoni (2103) ishga tushirilgan bo‘lib, murojaat qiluvchilarning shaxsiy ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlangan.
Vazirlikka kelib tushgan murojaatlar statistikasi ham qiziqarli ma’lumotlarni ochib berdi. Masalan, chekishni tashlashga yordam so‘rab qo‘ng‘iroq qilganlarning 95 foizi erkaklar bo‘lib, 29 foizi poytaxt Bishkek shahridan, 42 foizi esa qishloq hududlaridan murojaat qilgan. E’tiborlisi, murojaat etganlarning 30 foizi allaqachon bu zararli odatdan butunlay voz kechgan.
Qabul qilingan qonunga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab elektron sigaretalarni olib kirish, sotish va chekish to‘liq taqiqlanadi. Qonun talabini buzganlarga qattiq jarimalar belgilangan. Elektron sigaretalarni chekkanlar 10 ming qirg‘iz somi (taxminan 120 dollar) jarimaga tortiladi. Sotish bilan shug‘ullangan shaxslar esa, juda katta, ya’ni 200 ming qirg‘iz somi (taxminan 2400 dollar) miqdorida jarimaga tortiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu choralar tamaki mahsulotlarining iste’molini kamaytirish va kelajak avlodlarning sog‘lig‘ini saqlash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Elektron sigaretalarga qarshi boshlangan ushbu kampaniya mamlakatdagi barcha oilalarga salomatlik yo‘lida yordam berishni ko‘zda tutmoqda.
Endilikda, Qirg‘iziston elektron sigaretalarga qarshi kurash orqali nafaqat yoshlarning, balki butun aholining sog‘lig‘ini yaxshilash va giyohvandlikning oldini olish yo‘lida muhim bir namuna bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur tashabbus Markaziy Osiyo davlatlari orasida ham bu borada birinchi va eng qat’iy qadamlardan biri bo‘lishi kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar