date
views 334

Sankt-Peterburgda politsiya 5 ming migrantni reydda tekshirdi!

Sankt-Peterburgda politsiya 5 ming migrantni reydda tekshirdi!
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ichki ishlar organlari tomonidan migratsiya qonunchiligi buzilishlariga qarshi keng qamrovli reydlar boshlandi. Bu haqda IIVning Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, politsiya xodimlari bir necha kun davomida shahar bo‘ylab qurilish maydonlari, jamoat transporti va asosiy ko‘chalarda maxsus tekshiruv tadbirlarini amalga oshirgan. Tadbir davomida 5 mingga yaqin xorijiy fuqarolar tekshiruvdan o‘tkazilgan bo‘lib, ularning 200 nafardan ortig‘i ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganliklari sababli hududiy politsiya bo‘limlariga olib ketilgan.

IIV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, qo‘lga olingan xorijliklarning asosiy qismiga jarima solingan yoki qonunbuzarliklarni zudlik bilan bartaraf etish haqida qat’iy ogohlantirish berilganidan keyin qo‘yib yuborilgan. Ammo migratsiya qonunchiligini qo‘pol ravishda buzgan taxminan 30 nafar migrant mamlakat hududini tezkorlik bilan tark etish haqida ogohlantirilgan.

Politsiya tomonidan olingan videolavhalarda huquq-tartibot organi xodimlarining yo‘llarda avtomobillarni to‘xtatib tekshirishlari, jamoat transportida hujjatlarni sinchkovlik bilan ko‘rib chiqishlari va qurilish maydonchalarida maxsus tekshiruvlar olib borishlari ko‘rinib turibdi.

Mazkur tadbirlarga politsiyaning kinolog xizmatlari va yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari ham faol jalb etilgan. Yo‘l-patrul xizmati xodimlari 160 ga yaqin transport vositasini tekshiruvdan o‘tkazgan bo‘lib, natijada yigirmaga yaqin yo‘l harakati qoidabuzarliklari aniqlangan va huquqbuzarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.

Sankt-Peterburg politsiya boshqarmasi vakillari shahardagi xavfsizlik va tartibni saqlash bo‘yicha profilaktik tadbirlar kelgusi kunlarda ham davom etishini ma’lum qildi. Ular shahar aholisi va mehmonlarini migratsiya qonunlariga qat’iy rioya qilishga, shuningdek, tegishli hujjatlarni hamisha o‘zi bilan olib yurishga chaqirib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bu kabi reydlar nafaqat migrantlar orasidagi qonunbuzarliklarni aniqlashga, balki shahardagi jinoyatchilik va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olishga ham xizmat qiladi. Tadbirlar yakunlari bo‘yicha aholi xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sankt-Peterburgda politsiya 5 ming migrantni reydda tekshirdi!