
5 iyun kuni AQSHda yuqori siyosiy va iqtisodiy nufuzga ega ikki shaxs – mamlakat prezidenti Donald Tramp hamda Tesla va SpaceX kompaniyalari asoschisi Ilon Mask o‘rtasida mislsiz va kutilmagan ziddiyat kelib chiqdi. Bu mojaro ijtimoiy tarmoqlar orqali keskin tortishuv va o‘zaro og‘ir ayblovlar bilan boshlanib, nafaqat Amerika, balki butun dunyo ahlini hayratga soldi.
Oq uyda Germaniya kansleri bilan uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida Donald Tramp Ilon Maskni respublikachilarning yangi soliq imtiyozlari va budjetni uzaytirish bo‘yicha qonun loyihasiga qarshi chiqqani uchun qattiq tanqid ostiga oldi. AQSH yetakchisi Mask qonun hujjatidan juda yaxshi xabardor bo‘lganini ta’kidlab, tadbirkorning elektromobil sanoati uchun ajratilgan milliardlab dollarlik subsidiyalar bekor qilinganidan norozi ekanini aytdi.
Ilon Mask esa bu ayblovlarga keskin va zudlik bilan javob qaytardi. U o‘zining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida prezidentning gaplari yolg‘on ekanini aytdi va qonun loyihasini avvaldan ko‘rib chiqmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Mask agar uning ko‘magi bo‘lmaganida Tramp saylovlarda g‘alaba qozona olmasligi va Kongressda respublikachilar nazoratni qo‘lga kirita olmasligi haqida yozdi.
«Bu qanday noshukrlik!», – deya yozadi biznesmen, o‘zining prezident saylovlaridagi beqiyos yordamlarini eslatib o‘tib.
Bu ayblovlarga javoban Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘i orqali Tesla va SpaceX kompaniyalarining barcha davlat subsidiyalari va shartnomalarini bekor qilish imkoniyatini bildirdi.
«Budjetni milliardlab dollar tejashning eng samarali yo‘li – Ilon Mask kompaniyalarining davlat subsidiyalari va shartnomalarini to‘xtatishdir. Nega Bayden shu paytgacha buni qilmaganidan hayron qolaman!», – deb yozadi AQSH prezidenti.
U hatto Maskdan hukumatdagi lavozimini tark etishni so‘raganida, biznesmen «aqldan ozganday bo‘ldi» deb iddao qildi.
Bu ayblovlardan g‘azablangan Ilon Mask o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi navbatdagi postida jiddiy taxdid qiluvchi xabar qoldirdi. U Donald Trampning «Epshteyn fayllari» deb ataluvchi, shu kungacha jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan hujjatlarda nomi borligini oshkor qildi. Eslatib o‘tamiz, bu hujjatlar voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish bilan shug‘ullangan moliyaviy jinoyatchi Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq bo‘lgan.
Maskning da’volariga ko‘ra, bu fayllarning hech qachon jamoatchilikka e’lon qilinmasligining haqiqiy sababi aynan Tramp ismining bu hujjatlarda mavjudligi bilan bog‘liqdir. U bu ayblovlariga isbot yoki dalil keltirmagan bo‘lsa-da, bu post internetda ulkan shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Bundan tashqari, Maskning keyingi e’loni yanada kattaroq mojaroga sabab bo‘ldi. SpaceX kompaniyasi rahbari Dragon kosmik kemasining ekspluatatsiyasini zudlik bilan to‘xtatilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Mask Trampga impichment e’lon qilishni va uning o‘rniga vitse-prezident Jey Di Vensni tayinlashni taklif qildi.
Dragon kemasi NASA kosmonavtlarini Xalqaro kosmik stansiyaga yetkazib beruvchi AQSHning yagona faol kosmik transport vositasi hisoblanadi. Uning to‘xtatilishi Amerika kosmik sohasiga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.
Shunday keskin tortishuv ortidan Tesla kompaniyasi aksiyalari bozorda bir necha soat ichida 15 foizgacha tushib ketdi. Bu esa kompaniyaning bir kunda milliardlab dollar zarar ko‘rishiga olib keldi.
Ikkala shaxs orasidagi munosabatlar avvaldan ham jiddiy zigzaglarga ega bo‘lgan. Ilon Mask prezidentlik kampaniyasida Trampning eng yirik xayriyachilaridan biri bo‘lgan va respublikachi nomzod saylanganidan keyin, 2025 yilning boshida tashkil etilgan Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari lavozimini egallagan edi.
OAVda uni «dunyoning eng qudratli saylanmagan shaxsi» deb atashgan va Oq uydagi eng nufuzli amaldorlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Ammo uning faoliyati keskin tanqidlarga uchradi va natijada ikki shaxs o‘rtasidagi aloqalarda sovuqchilik paydo bo‘lgandi.
Joriy yilning aprel oyidan boshlab, ular ijtimoiy tarmoqlarda deyarli bir-birini tilga olishni to‘xtatgandi. May oyi oxirida esa Mask maxsus davlat xizmatchisi sifatidagi vakolat muddati tugagani munosabati bilan lavozimidan ketdi.
Ularning bir hafta avvalgi qo‘shma matbuot anjumanida bir-biriga bo‘lgan maqtovlaridan so‘ng, kutilmagan bu keskin mojaro nafaqat AQSH, balki xalqaro jamoatchilikni ham hayratda qoldirdi.
Hozirda AQSHdagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat o‘ta keskinlashgan. Ikki kuchli shaxs o‘rtasidagi ziddiyat qay tarzda hal bo‘lishi, bu mojaro mamlakat va dunyoga qanday ta’sir ko‘rsatishi hamon noma’lum. Bu tarixiy tortishuvdan keyin AQSH siyosiy maydonida katta o‘zgarishlar kutilayotganini taxmin qilish qiyin emas. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar