date

Los-Anjelesdagi namoyishlar keskinlashdi: Tramp harbiylarni shaharga yubordi!

Los-Anjelesdagi namoyishlar keskinlashdi: Tramp harbiylarni shaharga yubordi!
AQSHning yirik megapolisi Los-Anjelesda hibsga olingan noqonuniy muhojirlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uyushtirilgan ommaviy namoyishlar uchinchi kundirki, to‘xtovsiz davom etmoqda. Kecha prezident Donald Tramp shahardagi vaziyat «haddan tashqari yomonlashgani» haqida bayonot berib, harbiy kuchlarni zudlik bilan shaharga joylashtirishga farmon berdi.

Norozilik namoyishlari boshlanganidan beri tinchlik o‘rniga tartibsizlik va zo‘ravonlik kuchayib bormoqda. Milliy gvardiya qo‘shinlari yuborilganiga qaramasdan, vaziyatni nazoratga olish qiyinlashgan. Shu munosabat bilan Tramp o‘zining Truth Social sahifasida keskin bayonot berib, Los-Anjeles politsiyasi boshlig‘i Jim Makdonnel uni vaziyatning og‘irligi haqida ogohlantirganini aytdi.

«Los-Anjelesdagi vaziyat nihoyatda jiddiy. Shoshilinch ravishda qo‘shinlarni yuboring», — deb yozgan Tramp. Shuningdek, u namoyishchilarni «banditlar» deb atay turib: «Bu banditlarga jazosiz qolish imkonini bermayman. Amerikani yana buyuk qilamiz!» deya keskin bayonot berdi. Prezident o‘z farmoni bilan yuzi niqob bilan qoplangan barcha norozilik ishtirokchilarini zudlik bilan hibsga olishni talab qildi.

Hozircha Trampning buyrug‘i bilan taxminan 300 nafar Milliy gvardiya askari Los-Anjelesga jo‘natilgan. Biroq mahalliy xabarlarga ko‘ra, bu choralar shaharning ba’zi hududlarida namoyishchilarning yanada faollashuviga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, shahar markazida joylashgan Metropolitan hibsxonasi atrofi mojaroning eng qizg‘in nuqtasiga aylangan. Bu yerda xavfsizlik kuchlari va namoyishchilar o‘rtasida juda keskin to‘qnashuvlar kuzatilmoqda.

Huquq-tartibot idoralari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, rezina va plastik o‘qlar bilan tartibsizlikni nazoratga olishga harakat qilmoqda. Biroq namoyishchilar o‘z pozitsiyalaridan voz kechmay, islohotlar va hibsga olinganlarning ozod qilinishi talablari bilan chiqishmoqda.

Shahar hokimiyati vaziyatni barqarorlashtirish uchun harakat qilmoqda, ammo hozircha bu choralar kutilgan natijani bermayapti. Ko‘pchilik Los-Anjelesdagi noroziliklar mamlakat miqyosidagi yana katta ijtimoiy va siyosiy inqirozning boshlanishiga sabab bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

Foto: Reuters
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Los-Anjelesdagi namoyishlar keskinlashdi: Tramp harbiylarni shaharga yubordi!