
AQSHda siyosiy tortishuv yangi bosqichga ko‘tarildi. Kaliforniya shtati gubernatori Gevin Nyusom Los-Anjelesga Milliy gvardiya qo‘shinlari yuborilgani uchun AQSH prezidenti Donald Tramp, Pentagon va mudofaa vaziri Pit Xegsetga qarshi sudga murojaat qildi. San-Fransisko federal okrug sudiga taqdim etilgan 22 sahifali shikoyatda Trampning harakatlari federal qonun va konstitutsiyani buzishi qayd etilgan.
"Favqulodda vakolatlar suiste’mol qilindi"
Shikoyatda aytilishicha, Tramp 7 iyun kuni mahalliy hokimiyat nazoratidagi tinch namoyishlardan foydalanib, favqulodda vakolat orqali Milliy gvardiyani yuborish bilan qonuniy hokimiyat chegarasini buzgan. Bu holat Kaliforniya suverenitetiga hamda gubernatorning milliy gvardiya ustidan bosh qo‘mondon sifatidagi vakolatlariga zid ekani ta’kidlangan.
Shtatda vahima, markazda tanqid
Milliy gvardiyadan foydalanish natijasida aholi orasida vahima, taranglik va ishonchsizlik kuchaygan. Gubernator Nyusom ta’kidlashicha, tinchlikni ta’minlashda politsiya yetarlicha samarali ishlayotgan edi va harbiy kuchlar zarur emas edi.
Kaliforniya bosh prokurori Rob Bonta ta’riflashicha, Tramp mazkur qaror bilan 1970 yilda Richard Nikson foydalangan qonunga suyandi. Ushbu huquqiy mexanizm oxirgi marta 1965 yilda Lindon Jonson tomonidan Alabamada qo‘llangan edi. Bundan buyon gubernator roziligisiz harbiy kuchlarni yuborish birinchi marta amalga oshirildi.
Oq uy pozitsiyasi: "Shahar yonib kul bo‘lar edi"
Prezident Tramp esa qarorini oqlab, Milliy gvardiyani "ajoyib ish" qilgani uchun maqtadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar kiritilmaganida Los-Anjeles butunlay nazoratdan chiqar edi. Shu bilan birga, u gubernator Nyusomni zo‘ravonliklarga qarshi yetarlicha chora ko‘rmaganlikda ayblab, hatto uni hibsga olish mumkinligini ham ta’kidladi.
Fon — muhojirlarga qarshi reyd va keng qamrovli namoyishlar
Mojaro Amerika Immigratsiya va Bojxona politsiyasining (ICE) Los-Anjelesdagi noqonuniy muhojirlarga qarshi reydidan boshlandi. Reyd davomida o‘nlab odamlar hibsga olindi. Bu esa keng ko‘lamli norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Los-Anjeles va San-Fransisko shaharlarida ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalar ishlatilgan.
Qonun ustuvorligi sinovda
Gubernator Nyusom Oq uyning qarorini noqonuniy, huquqiy chegaradan tashqari deb baholab, Milliy gvardiyachilarni zudlik bilan chaqirib olishni talab qilmoqda. Sud qarori nafaqat Kaliforniya kelajagi, balki federal va shtat hokimiyati o‘rtasidagi muvozanatni belgilashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Muhokama katta: Trampning harakati – xavfsizlikmi yoki hokimiyatni suiste’mol qilish?
Javobni endi sud beradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar