
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya harbiylarining Shimoliy Koreyadan keltirilgan ballistik raketalardan yana foydalanganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush nafaqat Yevropa, balki butun Osiyo mintaqasi xavfsizligiga ham jiddiy tahdid tug‘dirmoqda.
Davlat rahbari mamlakat mudofaa vaziri Umerov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida havo mudofaasi, dronlarga qarshi samarali kurash va raketalardan himoya masalalari yuzasidan keng ko‘lamli muzokaralar o‘tkazganini ma’lum qildi.
Zelenskiy ta’kidlaganidek, Rossiya va Eron o‘rtasidagi dron texnologiyalari allaqachon Shimoliy Koreyaga yetib borgan va bu texnologiyalar endi global xavfga aylanmoqda. Uning fikricha, harbiy texnologiyalar urush davomida tez sur’atda takomillashmoqda va ularning tarqalishi butun dunyo tinchligiga raxna solishi mumkin.
Prezident bu masalani keyin emas, balki hozir hal qilish zarurligini qayd etdi:
“Minglab yangilangan 'Shaxed' dronlari va ballistik raketalar Seul yoki Tokioni nishonga olgandan so‘ng emas, bugunyoq chora ko‘rilishi kerak. Urushni cho‘zish – xavfni kengaytirish demakdir. Vaqt o‘tgan sari tahdid global tus olmoqda.”
Zelenskiyning bu ogohlantiruvi xalqaro hamjamiyatni jiddiy harakatga undashi kerak. Urushning lokal chegaralardan chiqib ketishi, ayniqsa, harbiy texnologiyalar sohasida, jahon miqyosida xavfli tendensiyalarni yuzaga keltirishi mumkin. Shu bois, bugungi geosiyosiy vaziyat faqat Ukraina yoki Yevropa emas, balki butun insoniyat uchun dolzarb muammoga aylandi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar