
Los-Anjeles shahrida so‘nggi kunlarda yuzaga kelayotgan namoyishlar tobora keskin tus olmoqda. Qator mahalliy va milliy OAVlarning yozishiga qaraganda, ko‘chalarda yig‘ilgan namoyishchilarning katta qismi tinch shaklda emas, balki zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘z e’tirozini ifoda etmoqda.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt mazkur vaziyatga munosabat bildirib, ko‘plab namoyishchilar tartibsizliklar sababli hibsga olinganini ma’lum qildi.
"Bu faqatgina politsiyaga qarshi qaratilgan harakat emas, balki Amerika jamiyati va uning qadriyatlariga qarshi ham hujumdir. Bayroqlarni yoqish, ko‘chalarda portlashlar va talonchiliklar — bularning barchasi xavfli tendensiyaning belgisidir", — dedi Livitt.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp tinch namoyish o‘tkazish huquqini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, biroq ommaviy zo‘ravonlikka qarshi qat’iy chora ko‘rilishini ta’kidlagan. "Prezident Tramp Amerikada anarxiya va nazoratsiz ommaviy boshqaruvga hech qachon yo‘l qo‘ymaydi", — deb qo‘shimcha qildi u.
Hozirda shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Huquq-tartibot organlari namoyishchilar bilan to‘qnashuvlarning oldini olish uchun kuchlarini safarbar qilmoqda. Ayni vaqtda jamoatchilik orasida vaziyatga nisbatan turlicha fikrlar paydo bo‘lgan: ba’zilar bu harakatlarni so‘z erkinligi deb hisoblasa, boshqalar esa tartibsizliklarni keskin qoralamoqda.
Mutasaddilar vaziyatni nazorat ostiga olish va tinchlikni tiklashga intilayotgani aytilmoqda. Namoyishlar va ular bilan bog‘liq hodisalar hozircha o‘z dolzarbligini yo‘qotmayotgani ma’lum. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar