
2024 yil dunyo miqyosida urush va mojarolar soni bo‘yicha yangi rekord qayd etildi, deb Oslo shahrida joylashgan Tinchlik tadqiqotlari instituti — PRIO‘ning 11 iyun kuni e’lon qilingan hisobotida aytiladii. Unga ko‘ra, o‘tgan yil mobaynida kamida bitta davlat ishtirok etgan qurolli to‘qnashuvlar soni 61 tani tashkil qildi va bu 36 ta davlat hududida ro‘y bergan. Bu ko‘rsatkich Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyingi har qanday yildagidan yuqori.
PRIO tahlilchilari ta’kidlashicha, mojarolar soni so‘nggi yillarda muttasil o‘sishda davom etmoqda. Agar 2022 yilda 56 ta, 2023 yilda 59 ta qurolli to‘qnashuv qayd etilgan bo‘lsa, 2024 yilda ular soni 61 taga yetdi. Ularning 11 tasi keng qamrovli va jiddiy qurbonlar bilan bog‘liq urushlar sifatida baholangan.
Xalqaro ekspertlarning ta’kidlashicha, 2024 yilda global miqyosda «ikkita asosiy urush» o‘z ta’siri bilan ajralib turgan: Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzi va Isroil bilan HAMAS o‘rtasidagi G‘azo urushi. Ularga ko‘ra, Ukrainadagi mojaro 76 mingga yaqin insonning hayotiga zomin bo‘lgan, G‘azoda esa 26 mingga yaqin inson halok bo‘lgan.
«Mojarolar tendensiyalari: global sharh» nomli yillik hisobotda PRIO shunday xulosa chiqaradi: 2023 va 2024 yillarda qurbonlar soni deyarli bir xil — taxminan 129 ming nafar atrofida bo‘lgan. Ammo zo‘ravonlik darajasi oxirgi 30 yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori bo‘lgan.
Bu 2024 yilni sovuq urush tugagan 1989 yildan beri qurolli mojarolardagi halokatlar soni bo‘yicha to‘rtinchi eng qonli yilga aylantirdi. PRIOning tahlili shundan dalolat beradiki, davlatlarning o‘z ichidagi mojarolar va hukumatga qarshi qurolli harakatlar ham sezilarli darajada ko‘paygan.
Xususan, Afrika mintaqasi bugungi kunda mojarolardan eng ko‘p aziyat chekayotgan hudud sifatida qayd etilmoqda. 2024 yilda kontinentda 28 ta davlatda urush va qurolli to‘qnashuvlar kuzatilgan. Bu raqam o‘n yil avvalgi ko‘rsatkichdan deyarli ikki barobar ko‘p. Osiyoda 17 ta, Yaqin Sharqda 10 ta, Yevropada 3 ta va Amerika qit’asida 2 ta mojaro qayd etilgan.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, mojarolar ko‘lamining kengayishi, qurbonlar sonining ko‘payishi va xususan fuqarolik urushlarining keng yoyilishi butun dunyoda tinchlik va xavfsizlik uchun jiddiy tahdid solmoqda. PRIO xalqaro hamjamiyatni uzoq muddatli tinchlik strategiyasini ishlab chiqishga va mohiyatan barqaror diplomatik mexanizmlarni joriy etishga chaqirmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar