
Yaqin Sharqdagi tobora murakkablashib borayotgan vaziyat 14 iyun kuni yana bir bor keskinlashdi. Kunning ikkinchi yarmida Isroil harbiy kuchlari Eronning strategik ahamiyatga ega bo‘lgan energetika obyektlarini nishonga oldi. Bu haqda mamlakatning davlat axborot agentligi Fars hamda muxolifatga yaqin bo‘lgan Iran International nashri xabar tarqatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar mamlakat janubi-g‘arbida joylashgan Kangan porti hududidagi “Fajr-Jom” neftni qayta ishlash majmuasiga berilgan. Shuningdek, dunyodagi eng yirik tabiiy gaz konlaridan biri — “Janubiy Pars” infratuzilmasi ham hujumga uchragan.
Iran International ma’lumotiga ko‘ra, “Janubiy Pars” nafaqat Eron, balki Qatar uchun ham strategik ahamiyat kasb etadigan gaz koni hisoblanadi. Hujum dron orqali amalga oshirilgan bo‘lib, natijada konda yong‘in yuzaga kelgan va keng miqyosli zarar kuzatilgan.
Eron OAVlari tomonidan tarqatilgan keyingi xabarlarda ta’kidlanishicha, yong‘inlar mahalliy o‘t o‘chiruvchilar va maxsus xizmatlar tomonidan cheklangan va nazoratga olingan.
Aytish kerakki, bu hujumlar bir kun avval amalga oshirilgan yadro obyektlariga qilingan zarbalar ortidan kuzatildi. 13 iyun kuni Isroil harbiy havo kuchlari Eronning Isfahon shahrida joylashgan uranni qayta ishlash majmuasiga ham katta zarar yetkazgandi. Bu voqea xalqaro hamjamiyatda jiddiy xavotir uyg‘otgan edi.
Shuningdek, 14 iyun kuni Isroil armiyasi rasmiy vakili chiqish qilib, Eronning havo mudofaa tizimi butunlay yo‘q qilinganini va mamlakat havo hududi Isroil tomonidan to‘liq nazorat qilinayotganini ma’lum qildi.
Ushbu voqealar Yaqin Sharqdagi mojaro yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan darak beradi. Mutahassislar fikricha, Eron va Isroil o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlar nafaqat mintaqaviy, balki global energetika xavfsizligi uchun ham katta tahdid solishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar