
AQSH mudofaa vaziri Piter Hegset so‘nggi bergan bayonoti orqali xalqaro siyosiy maydonda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Fox telekanaliga bergan intervyusida u Vashington Ukraina uchun mo‘ljallangan dronlarga qarshi mudofaa tizimlarini Yaqin Sharqdagi amerikalik harbiylar ixtiyoriga o‘tkazganini tasdiqladi.
«Kongressda bunga oid savol berildi va men ochiqchasiga javob berdim: “Ha, biz bu tizimlarni ko‘chirdik”», — dedi Hegset o‘z so‘zlarida. Uning ta’kidlashicha, AQSH zamonaviy harbiy tahdidlarga qarshi tayyor turish uchun o‘z mudofaa strategiyasini tubdan o‘zgartirmoqda.
Pentagon rahbari so‘zlariga ko‘ra, yangi davrda urushlar ko‘rinishi mutlaqo boshqacha tus olmoqda. «Kichik dronlar, jumladan, arzon va qulay tayyorlanadigan tizimlar ham juda katta xavf keltirishi mumkin. Lekin bizning mamlakat bu tahdidga tayyor — bizda bilim, texnologiya va eng muhimi, tajribali harbiylar bor», — deya ta’kidladi u.
The Wall Street Journal nashri ma’lum qilishicha, 5 iyun kuni AQSH Ukrainaning mudofaasini mustahkamlash uchun tayyorlangan maxsus raketa tizimlarini yashirin ravishda Yaqin Sharqdagi harbiy bazalariga yo‘naltirgan. Ushbu qaror Piter Hegset tomonidan Kongressga rasman ma’lum qilingan, ammo ortiqcha shovqin va matbuotsiz.
E’tiborlisi, ordan ko‘p o‘tmay, 8 iyun kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy jahon hamjamiyatini hushyorlikka chaqirdi. Uning so‘zlariga qaraganda, AQSH rahbariyati avval Ukrainaga berilishini va’da qilgan 20 ming dona dronlarga qarshi raketani Yaqin Sharqqa yuborgan.
Zelenskiy bu qarordan norozilik bildirmagan bo‘lsa-da, diplomatik tarzda xavotirini bayon etdi. Uning ta’kidlashicha, bu jahon siyosiy kartasida Ukraina ustuvorligi so‘nmoqda, degan fikrni uyg‘otishi mumkin.
Bu orqali AQSHning strategik ustuvor yo‘nalishi Yaqin Sharq tomon burilayotgani, Ukraina muammosi esa uncha muhim bo‘lmagan maydonga ko‘chirilayotganini anglatishi mumkin. Siyosiy tahlilchilar buni Jahon siyosiy vaziyatida katta o‘zgarishlar boshlanishining belgisi sifatida baholamoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar