date

Tramp Rossiya nefti narxini tushirishga qarshi chiqdi

Tramp Rossiya nefti narxini tushirishga qarshi chiqdi
G7 davlatlari doirasida Rossiya neftiga joriy qilingan narx chegarasini pasaytirish bo‘yicha muzokaralar qizg‘in pallaga kirgan bir paytda, AQSH bu taklifga qarshi chiqmoqda. Bloomberg agentligining ishonchli manbalari xabariga ko‘ra, Vashingtondagi rasmiylar ushbu choraning iqtisodiy va geosiyosiy oqibatlaridan xavotirda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp hozircha yakuniy qarorni qabul qilmagan va muzokaralar davom etmoqda. Biroq Oq uy Rossiya neftiga joriy qilingan 60 dollarlik chegarani 45 dollarga tushirish taklifiga jiddiy e’tiroz bildirmoqda.

G7 guruhi 2022 yilning oxirida Rossiya nefti eksportiga chegara joriy etgandi. Bu qaror Kreml budjetiga zarba berish, Ukrainadagi urushni moliyalashtirishni cheklash va global energetika bozorida bosimni oshirish maqsadida qabul qilingandi. Endi esa Yevropa Ittifoqi navbatdagi 18-sanksiya paketida ushbu chegarani yanada kamaytirish taklifini ilgari surmoqda.

Bloomberg xabarida ta’kidlanishicha, Buyuk Britaniya va YEI AQSHsiz ham bu qarorni amalga oshirishni muhokama qilmoqda. Ammo ushbu qadam G7 a’zolarining barchasi tomonidan bir ovozdan ma’qullanmasa, uning ta’siri va samarasi keskin pastlaydi.

Ayni paytda, Rossiya neftiga talab kamaymagan, va jahon bozoridagi barqarorlik uchun G7dagi har bir a’zo davlatning pozitsiyasi muhim ahamiyatga ega. Tramp ma’muriyatining bu masaladagi hozirgi yondashuvi AQSHning Yevropa bilan iqtisodiy va geosiyosiy qarashlardagi farqini yana bir bor namoyon etmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Rossiya nefti narxini tushirishga qarshi chiqdi
-->