date
views 238

Rossiya va Ukrainada G‘arb kompaniyalari hujum ostida — yangi xavflar kuchaymoqda

Rossiya va Ukrainada G‘arb kompaniyalari hujum ostida — yangi xavflar kuchaymoqda
Yaqin kunlarda Ukraina va Rossiya hududida sodir bo‘lgan havfli hujumlar xalqaro jamoatchilik e’tiborida turibdi. Rossiya harbiylari 10 iyunga o‘tar kechasi Amerikaning mashhur Boeing ayerokosmik kompaniyasining Kiyevdagi ofisini nishonga oldi. Britaniyaning Financial Times nashrining yozishicha, ushbu voqea bir necha mustaqil manbalar hamda Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati (FVDT) tomonidan e’lon qilingan fotosuratlar bilan tasdiqlandi. Rasmlarda binoning jiddiy shikastlangani, yong‘inni o‘chirayotgan qutqaruvchilar va bo‘sh turgan ofis namoyon bo‘lgan.

Boeing kompaniyasining ofisi Kiyev shahrining markazida — Glubochitskaya ko‘chasida joylashgan. Aynan shu manzilda sodir bo‘lgan portlashlar va unga bog‘liq shikastlar FVDT ijtimoiy tarmoqlari hamda fotobanklarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Kiyev shahar meri Vitaliy Klichko ham mazkur hujum haqida o‘z bayonotini berdi va Shevchenkovskiy tumanidagi biznes markaziga zarba berilganini tasdiqladi.

Voqea sharhida Boeing‘ning ikki xodimi, ukrainalik rasmiylar va Ukraina-Amerika savdo palatasi prezidentining so‘zlari keltirildi: ularga ko‘ra, Rossiya zarbasi kompaniya ofisini aniq nishonga olgan va bu tasodif emas, balki aniq maqsad bilan amalga oshirilgan harakat bo‘lgan. Shu bilan birga, Boeing Ukrainadagi bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari Andrey Koryaginning ta’kidlashicha, hujumga qaramay, kompaniya faoliyatida hech qanday to‘xtalish ro‘y bermadi va ishlab chiqarish ham, xizmatlar ham uzluksiz davom ettirilmoqda.

Boeing rasmiylari hujum yuzasidan rasmiy izoh berishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, kompaniya o‘z xodimlarining xavfsizligiga jiddiy e’tibor qaratganini va jabrlanganlar yo‘q ekanini ma’lum qilgan. “Murakkab va xavfli sharoitlarda ham xodimlarimizning chidamliligi va fidoyiligi yuksak baholanadi”, — deyiladi kompaniya bayonotida.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga bu voqeaga munosabat bildirar ekan: “Rossiyaning Amerika kompaniyalariga qarshi hujumlari Putin ma’muriyatining AQSH va G‘arb davlatlarining tinchlikparvar sa’y-harakatlarini ochiq-oydin e’tiborsiz qoldirayotganini ko‘rsatadi. Amerika biznesi va hamkorlarini nishonga olish AQSHning Ukraina va Yevropa xavfsizligini ta’minlashda ishtirokini yanada muhimlashtiradi”, — deya ta’kidladi.

Boeing – Ukrainadagi eng mashhur va yirik Amerika kompaniyalaridan biri bo‘lib, mamlakatda mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Kompaniya asosan injiniring, texnik xizmat ko‘rsatish, xavo qurollari va mudofaa sohasida faoliyat olib boradi. Yaqinda, 2024 yilda, Boeing va Ukraina milliy “Antonov” aviasozlik kompaniyasi mudofaa loyihalari bo‘yicha strategik hamkorlik memorandumini imzolagan. 2025 yil boshida esa Boeing rahbarlari “Antonov” va Ukraina mudofaa vazirligi bilan yangi qo‘shma loyihalarni muhokama qilgan edi.

Shu bilan birga, Ukraina armiyasi ham o‘z hududidan tashqaridagi harbiy obyektlarga zarba berishdan to‘xtayotgani yo‘q. Xususan, ukrain dronlari Rossiyaning Tatariston viloyati, Yelabugasiga hujum uyushtirdi — bu yerda “Shaheed” zarbdor dronlari ishlab chiqariladigan korxona joylashgan. Hujum oqibatida kamida bir kishi halok bo‘ldi, 13 kishi esa turli jarohatlar oldi. Tatariston rahbari Rustam Minnixanovning ma’lumotlariga ko‘ra, parchalangan dron avtomobil zavodi hududida yong‘in chiqishiga sabab bo‘lgan va jabrlanganlar orasida og‘ir ahvoldagi bemorlar bor.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasi hududida, shuningdek, “Shaheed” dronlari hamda Aurus va “Sollers” avtozavodi obyektlarida ham yong‘inlar bo‘lgani ko‘rinadi. Rossiya aviatsiya xizmati (Rosaviatsiya) hujumlardan so‘ng Qozon, Ijevsk va Nijnekamsk aeroportlarida bir necha soat qat’iy cheklovlar kiritdi. Ayni vaqtda 11 ta samolyot Qozonga, uchta Ijevskka, bitta layner esa Nijnekamsk aeroportiga qo‘na olmay, zaxira aerodromlarga yo‘naltirildi.

Ushbu hodisalar Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojaro yangi bosqichga o‘tayotganini, G‘arb kompaniyalari, xususan Amerika biznesi va strategiyalarining xavf ostida ekanini ko‘rsatmoqda. Mudofaa, aviatsiya va texnik hamkorlik sohalarida ishlaydigan kompaniyalar uchun yangi xavflar va tahdidlar kundan-kunga ortmoqda. Bu esa, butun Yevropa va dunyo xavfsizligi uchun jiddiy xatar va yanada chuqurroq geosiyosiy muammolarni yuzaga keltirishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya va Ukrainada G‘arb kompaniyalari hujum ostida — yangi xavflar kuchaymoqda