
Eron va AQSH o‘rtasidagi geosiyosiy munozaralar yana qizg‘in pallaga kirdi. Joriy haftada Eron Tashqi ishlar vazirligi rasman Tehrondagi Shveysariya elchisi Nadin Oliveri Losanoga Vashingtonga nisbatan qattiq norozilik notasini topshirdi. Bu haqda mamlakatning yirik axborot agentliklari, xususan, Mehr ma’lumot tarqatdi.
Tahlilchilar fikricha, bu siyosiy xat Trampning so‘nggi bayonotlari fonida ikki davlat o‘rtasidagi taranglikni yanada kuchaytirishi mumkin. Tehron, AQSH prezidenti Donald Trampning chiqishlarini “provokatsion va tahdidli” deb baholadi. Eronlik rasmiylar ta’kidlashicha, Amerika rahbarining so‘zlari xalqaro huquq me’yorlari va BMT Nizomiga zid bo‘lib, mintaqa xavfsizligi uchun jiddiy xatarlarni vujudga keltiradi.
Rasmiy bayonotda aytilishicha, AQSH hukumati Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlarida faol sheriklik qilmoqda. Bu esa Vashingtonning ishonchli va neytral siyosat yuritayotganiga shubha tug‘diradi. Eron tomoni bu holatni xalqaro huquq buzilishi, deb baholab, Shveysariya elchisidan notani zudlik bilan AQSH rahbariyatiga yetkazishni talab qildi.
Ma’lumot uchun, AQSH bilan diplomatik munosabatlar 1980 yilda, Tehrondagi Amerika elchixonasida yuz bergan garovga olish voqeasidan keyin to‘xtagan. Hozirgi kunda AQSH manfaatlarini Eronda aynan Shveysariya elchisi ifodalaydi va ikki davlat o‘rtasidagi barcha rasmiy axborot almashinuvi shu orqali amalga oshiriladi.
Trampning 18 iyun kungi bayonotlari esa vaziyatni yanada keskinlashtirdi. AQSH prezidenti Eronga “so‘nggi ultimatum”ni e’lon qilganini va Tehron “so‘zsiz taslim bo‘lishi” kerakligini qayta-qayta ta’kidladi. Shu bilan birga, Amerika yetakchisi o‘z bayonotida Qo‘shma Shtatlar Eronning havo hududini to‘liq nazorat qilishi va mamlakat oliy rahbari Ali Xominaiyning joylashuvidan xabardor ekanini aytdi.
Jurnalistlar yadroviy inshootlarga zarba berish ehtimoli haqida so‘raganda, Tramp: “Men buni qila olaman, yoki qilmasligim ham mumkin”, degan tahdidli va noaniq javob qaytardi.
Muxlislar va tahlilchilar ta’kidlashicha, bunday keskin siyosiy bayonotlar AQSH–Eron munosabatlaridagi taranglikni yanada avj oldirishi, mintaqada xavfsizlik va barqarorlik uchun yangi sinovlar yuzaga keltirishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar