
Astronomiya fanini sevuvchilar uchun tarixiy voqea: ilk bor sun’iy Quyosh tutilishi namoyish qilindi. Yevropa kosmik agentligi ma’lum qilishicha, Yer orbitasida harakatlanayotgan ikki sun’iy yo‘ldosh orqali ushbu ilmiy eksperiment muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Ta’kidlanishicha, tajriba Quyoshning faolligi yuqori bo‘lgan davrlarda texnologiya tizimlariga ta’sirini o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan. “Sinov-3” missiyasi doirasida ikki kosmik apparat 150 metr masofada bir necha soat davomida bir-biridan aniq masofani saqlagan holda harakatlandi. Ulardan biri ikkinchisining optik uskunalari oldida Quyoshni to‘sib, 8 santimetrli sun’iy soya hosil qildi.
Aynan shu yo‘l bilan olimlar Quyosh toji — ya’ni yulduzning yorug‘lik bilan to‘liq yoritilmagan tashqi atmosfera qismi tasvirini olishga muvaffaq bo‘lishdi. Quyosh tojini kuzatish orqali Quyosh shamoli — ya’ni kosmosga tarqaladigan zarrachalar oqimini o‘rganish, shuningdek, koronal portlashlarni yaxshiroq tushunish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Quyoshdagi yuqori faollik nafaqat qutb yog‘dusini yuzaga keltiradi, balki zamonaviy aloqa, elektr uzatish va navigatsiya tizimlariga jiddiy xatar solishi mumkin.
“Bu tajriba jarayonida biz Quyoshda an’anaviy metodlar bilan ko‘ra olmaydigan yangi detallarni aniqlashga erishdik. Ilk ma’lumotlarni qo‘lga kiritish hayratlanarli darajada hayajonli bo‘ldi”, — dedi loyiha olimlaridan Jo Zender.
Eng qizig‘i — tabiiy Quyosh tutilishi yiliga bor-yo‘g‘i bir marta ro‘y bersa, sun’iy tutilishni har 19,6 soatda qayta tashkil etish mumkin. Undan tashqari, sun’iy soyalashtirish jarayonini 6 soatgacha uzaytirish mumkin, bu esa tabiiy tutilishi davomiyligidan ancha uzun.
Loyiha rahbari Damiyen Galano so‘zlariga ko‘ra, hozirda tajriba qurilmalari sinov bosqichida, biroq yo‘ldoshlar harakatining sinxronlashuvi tufayli tarixdagi ilk sun’iy Quyosh tutilishi rasmga olindi. Ushbu kadrlar olimlar hamjamiyati uchun ulkan ilmiy qadam bo‘lishi shubhasiz.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro Yer observatoriyasi Yerning aylanishi tezlashganini qayd etgan edi. Bu tufayli kunlar uzunligi qisqargan va mutaxassislar bu holatni 1960 yildan beri yig‘ilgan ma’lumotlar asosida aniqlashgan.
Innovatsion texnologiyalar insoniyatga endi Quyoshni ham sun’iy ravishda “tutish” imkonini bermoqda. Kosmosdagi har bir qadam bizga yetarlicha tabiat sirlarini ochib bermoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar