date

AQSH Eronga hujum qildi

AQSH Eronga hujum qildi
Isroil tomonidan avval zarba berishning imkoni bo‘lmagan Fordo yadroviy majmuasiga bu safar AQSHning bunkerlarga qarshi mo‘ljallangan zamonaviy B-2 bombardimonchi samolyotlari orqali hujum qilindi. Bu bilan amerikaliklar amalan isroilliklar amalga oshirayotgan operatsiyalarga qo‘shildi. AQSH rahbari esa bu haqdagi bildiruvida: «Endi tinchlik vaqti yetdi», – deya ta’kidladi.

Amerika prezidenti Donald Tramp mamlakat harbiy aviatsiyasi Eronda joylashgan uchta muhim yadroviy inshoot — Fordo, Natanz va Isfahonga havo zarbalari berganini e’lon qildi. Uning aytishicha, Fordo majmuasidagi asosiy nuqtaga «barcha zarur bombalar tashlangan». Bu haqda u shaxsiy Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirgan.

«Biz Erondagi uchta asosiy yadroviy nuqtaga juda samarali zarba berdik», — deb yozadi Tramp o‘z postida.

Prezidentning ta’kidlashicha, hujumda qatnashgan samolyotlar hozirda Eron hududidan tashqariga chiqib ketgan va AQSH harbiy bazalariga qaytish harakatida.

«Hamma samolyotlar uyga qaytmoqda. Mard amerikalik harbiylarimizni tabriklaymiz! Bu kabi amalni dunyoda hech bir armiya bajara olmas edi. Endi tinchlikning kelgan vaqti!» — deydi Tramp.

Keyingi postlaridan birida u bu voqeani AQSH, Isroil va dunyo uchun «tarixiy bosqich» deb atadi. «Eron endi urushni to‘xtatishga rozi bo‘lishi kerak», – deb qo‘shimcha qiladi u.

BBC News va CNN agentliklari e’tiborini tortgan yana bir xabarda, Tramp o‘z sahifasida: «Fordo endi mavjud emas», — deb yozilgan posti bilan o‘rtoqlashgani qayd etildi.

Axborot manbalaridan biri — Axios'ning ma’lum qilishicha, Eron hududiga zarbalar berilishi oldindan Isroil tomoniga bildirilgan. Isroil rasmiylaridan biri, zarba paytida B-2 rusumidagi bombardimonchi samolyotlar qo‘llanganini ma’lum qilgan. Bu ma’lumotni amerikalik rasmiy ham Reuters agentligiga tasdiqlagan. CNN manbalariga ko‘ra, Tramp va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu zarbalardan keyin telefon orqali muloqot qilgan.

Fox News telekanali ma’lumot berishicha, AQSH harbiylari Fordo yadroviy inshootiga 6 ta bunkerbuzar bomba tashlagan, shuningdek, Isfahon va Natanzdagi obyektlarga 30 ta Tomahawk raketa yo‘llagan.

Ko‘p o‘tmay Eron rasmiylari ham bu hujumlarning amalga oshirilganini tasdiqladi. Eron davlat televideniyesi siyosiy direktori o‘rinbosari Hasan Abediniy jonli efirda chiqish qilib, mazkur uchta yadroviy obyekt «biroz vaqt avval» evakuatsiya qilinganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu zarbalar katta zarar keltirmagan, chunki muhim materiallar oldindan ko‘chirilgan.

Tasnim agentligi esa Qum viloyati rasmiysiga tayanib, Fordo yadroviy majmuasining bir qismiga havo hujumi bo‘lganini xabar qildi. «Qum havo mudofaa tizimi bir necha soat avval faollashtirildi, dushman nishonlari aniqlangach, Fordo inshootining bir qismi zarbaga uchradi», – deb bildirgan Qum viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakili. Shuningdek, Isfahon viloyati hokimi o‘rinbosari Akbar Solihiy ham Natanz va Isfahonda portlashlar sodir bo‘lganini, hujumlar yadroviy obyektlar yaqinida bo‘lganini ma’lum qilgan.

CNN telekanali o‘z manbalarga asoslanib, Trampning bu hujumlar orqali Tehronni muzokaralarga qaytarishni istaganini yozadi. Shu bois u hozircha yangi hujumlar rejasini ko‘rib chiqmayapti. Manbalar ta’kidlashicha, so‘nggi kunlarda Tramp Erondagi mustahkamlangan yadroviy inshootlarni yo‘q qilish uchun harbiy kuch qo‘llashga jiddiy ishonch hosil qilgan. Uning fikriga ko‘ra, diplomatik sa’y-harakatlar hech qanday natija bermayotgan bir paytda bunday qaror qabul qilish zarur bo‘lgan.

Ma’lumot uchun: Fordo uranni boyitish inshooti 2000-yillarda Islom inqilobi muhofizlari korpusi bazasida qurilgan. U Qum shahridan taxminan 20 km shimoli-sharqda, tog‘ ichida 90 metr chuqurlikda joylashgan. 2025 yilda Eron Natanzdagi yangi, shunga o‘xshash inshoot qurilishini boshlagani va yaqin orada faoliyatini boshlashi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi. U yerda uranni yuqori darajagacha boyitishga xizmat qiladigan sentrifugalar ishlab chiqariladi. Shuningdek, Isroil tomonidan 13 iyun kuni berilgan zarbalar arafasida Eron Isfahonda yana bir sentrifuga majmuasini ochishini e’lon qilgan edi.

Oq uy rasmiylari 19 iyun kuni AQSH prezidenti Eronga nisbatan zarbalarga qo‘shilish masalasida ikki hafta ichida qaror qabul qilishini ma’lum qilgan edilar.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Eronga hujum qildi