date

Tramp buyrug‘i bilan Eronga zarba: Fordoga 6 ta bomba tashlandi

Tramp buyrug‘i bilan Eronga zarba: Fordoga 6 ta bomba tashlandi
Dunyo yana xavotir ichida. AQSH prezidenti Donald Tramp buyrug‘iga asosan Amerika harbiy kuchlari Eronning uchta strategik yadroviy inshootiga aniq va hal qiluvchi zarbalar berdi. Bu haqda Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida rasman ma’lum qildi.

“Biz zarbalarni muvaffaqiyatli amalga oshirdik. Hamma samolyotlar hozirda xavfsiz ravishda Eron havo hududidan tashqarida. Fordoga asosiy zarba berildi. Bunday aniq va murakkab operatsiyani dunyoda boshqa hech bir armiya amalga oshira olmasdi”, — deb yozdi AQSH prezidenti.

Fox News'ning xabariga ko‘ra, Fordodagi yadroviy majmuaga B-2 Spirit strategik bombardimonchilari tomonidan 6 ta bunker-teshuvchi bomba tashlangan. Bundan tashqari, yana ikki obyektga 640 km uzoqlikdagi AQSH suvosti kemalaridan 30 ta Tomahawk raketasi yo‘llangan. Barcha hujumlar bir vaqtning o‘zida, tinimsiz rejalashtirilgan harbiy hamkorlik asosida amalga oshirilgan.

AQSH va Isroilning hamkorlikdagi operatsiyasi

Bu katta harbiy amaliyot faqat Vashingtonning emas, balki Tel-Avivning ham qizg‘in ishtirokida amalga oshirilgan. Tramp o‘z chiqishida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga alohida minnatdorlik bildirdi:

“Men bosh vazir Netanyaxuga chuqur minnatdorlik bildiraman. Biz bir jamoa sifatida juda yaqin va samarali ishladik. Bu Isroil xavfsizligini ta’minlash yo‘lida katta tarixiy qadam bo‘ldi”, — dedi u.

Eron oldida ultimatum: tinchlik yoki katta fojea

Tramp o‘z so‘zlarida Eronga jiddiy ogohlantirish ham yo‘lladi. Unga ko‘ra, agar Tehron tinchlikka moyillik bildirmasa, keyingi zarbalar avvalgisidan ham keskinroq bo‘ladi:

“Eron endi tinchlikni tanlashi kerak. Agar shunday bo‘lmasa, keyingi hujumlar ko‘proq nishonlar, ko‘proq kuch va ancha dahshatli oqibatlar bilan bo‘ladi. Biz tayyormiz”, — deb aniq bayonot berdi AQSH rahbari.

Shu bilan birga, Trampning ta’kidlashicha, bu operatsiyaning asosiy maqsadi Eronning yadro qurolini boyitish imkonini cheklash va "terrorizmning eng yirik homiysi" sifatida dunyoga xavf solayotgan mamlakatning imkoniyatlarini zaiflashtirishdan iborat.

Dunyoning eng kuchli armiyasi Eron yadro salohiyatiga javoban ko‘p yillik toqatdan so‘ng aniq zarba berdi. Bu nafaqat mintaqadagi, balki butun dunyodagi xavfsizlik muhitini keskin o‘zgartirishi mumkin. Endilikda eng asosiy savol: Tehron bu hujumlarga qanday javob qaytaradi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp buyrug‘i bilan Eronga zarba: Fordoga 6 ta bomba tashlandi