
Yaqin Sharqda yangi keskinlik: AQSH Eronning yadroviy inshootlariga aviazarba bergani butun dunyoda misli ko‘rilmagan tahlikalarga sabab bo‘ldi. Bu voqea xalqaro maydonda eng yuqori saviyadagi siyosiy va diplomatik bahslarni, turli yetakchilar va davlatlar rasmiylarining izohlarini keltirib chiqardi. Bir vaqtning o‘zida jahon ommaviy axborot vositalari va siyosiy ekspertlar ushbu voqeaga keng ehtiyoj bilan munosabat bildirmoqda.
Tramp – qudrat va ogohlantirish
Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp amerikaliklarga murojaatida o‘z armiyasiga ulkan minnatdorlik bildirdi. Uning fikricha, bunday yirik harbiy operatsiya faqatgina AQSH armiyasi imkoniyatidan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi mumkin edi. “Biz zarbalarni muvaffaqiyatli yakunladik, barcha samolyotlar xavfsiz qaytmoqda, Amerika harbiylarini tabriklayman! Bunday ishni dunyodagi boshqa hech bir harbiy kuch bajara olmasdi.” – dedi u.
Prezident shuningdek, Eron endi tinchlikni tanlashi yoki yanada kuchli zarbalarga tayyor bo‘lishi kerakligini ogohlantirdi:
"Eron endi tinchlikni tanlashi kerak. Aks holda, keyingi hujumlar bundan ham kattaroq va ancha oson bo‘ladi. Yana ko‘plab nishonlar bor... Agar tinchlik tez orada kelmasa, biz ularni aniqlik, tezlik va mahorat bilan yo‘q qilamiz”.
Isroil – tarixiy burilish deb baholandi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bu voqeani “tarixiy natija” deb atadi va AQSH prezidentiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. “Tramp dunyodagi eng xavfli rejimni eng xavfli qurolga ega bo‘lishdan to‘xtatdi”, — deya ta’kidladi u. Netanyaxu AQSHning qat’iy qadamini Yaqin Sharqdagi barqarorlik uchun muhim qadam sifatida baholadi.
Eron — xalqaro huquqni buzilishda aybladi
Eron tashqi ishlar vazirligi Vashingtonni xalqaro huquq va BMT nizomini qo‘pol ravishda buzganlikda ayblab chiqdi. Eron rasmiylari AQSHning yadro inshootlariga qilingan hujumi xalqaro hamjamiyat uchun juda xavfli pretsedent ekanini ta’kidlashdi va barcha davlatlarni bu voqeaga jiddiy munosabat bildirishga chaqirishdi. Tehron o‘zining suvereniteti va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rishini bildirdi.
Yevropa va Britaniya — diplomatiya va muzokaraga da’vat
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer AQSHning qadamlarini himoya qildi, biroq Eronni yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligini aniq ta’kidladi. U mintaqadagi barqarorlik ustuvor ekanini bildirib, Eronni muzokara stoliga qaytishga da’vat etdi.
“Eronning yadroviy dasturi xalqaro xavfsizlik uchun jiddiy tahdiddir. Eronning yadro quroli ishlab chiqarishiga hech qachon yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. AQSH bu tahdidni kamaytirish yo‘lida choralar ko‘rdi. Yaqin Sharqdagi vaziyat hanuz beqaror bo‘lib qolmoqda va mintaqadagi barqarorlik biz uchun ustuvor masaladir. Biz Eronni muzokara stoliga qaytishga va ushbu inqirozni tugatish uchun diplomatik yechim topishga chaqiramiz”, - dedi Kir Starmer.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas ham tomonlarni keskinlikdan qaytish va tezkor diplomatik yechim topish zarurligini yozdi:
“Eron yadro quroli ishlab chiqishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, chunki bu xalqaro xavfsizlik uchun tahdiddir. Men barcha tomonlarni orqaga chekinishga, muzokara stoliga qaytishga va keskinlikning yanada kuchayishining oldini olishga chaqiraman. Yevroittifoq tashqi ishlar vazirlari vaziyatni ertaga muhokama qiladi”.
Yaponiya va Rossiya – ehtiyotkorlikka chaqiriq
Yaponiya bosh vaziri Shigeru Ishiba, mojaroni yumshatishni va mintaqada barqarorlikni saqlashni muhim deb hisobladi:
“Mojaroni tezlik bilan yumshatish nihoyatda muhim. Biz u yerdagi vaziyatni katta xavotir bilan diqqat bilan kuzatmoqdamiz”.
Rossiya xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev esa AQSHni “tinchliksevar” bo‘lib boshqa urushni boshlayotganlikda tanqid qildi:
"Tinchliksevar sifatida hokimiyatga kelgan AQSH prezidenti endi mamlakatni yana bir urushga olib kirdi".
BMT va xalqaro hamjamiyat – xavotir va diplomatik yechim chaqiriqlari
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish AQSH tomonidan kuch ishlatilishini keskin tanqid qildi. U mojaro kuchayishi va nazoratdan chiqish xavfini alohida ta’kidlab, yagona yechim – diplomatiya ekanini va harbiy urush yo‘li keltirishi mumkin bo‘lgan halokatlarni oldini olishni uqtirdi:
“Bugun Qo‘shma Shtatlar tomonidan Eronga nisbatan kuch ishlatilgani meni chuqur tashvishga solmoqda. Bu mintaqada allaqachon tang holatda bo‘lgan vaziyatda xavfli keskinlikni yanada kuchaytiradi va xalqaro tinchlik va xavfsizlikka bevosita tahdid soladi. Mojaro tez orada nazoratdan chiqib ketishi xavfi ortib bormoqda. Bu esa tinch aholi, mintaqa va butun dunyo uchun falokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Men barcha BMT a’zolarini vaziyatni yumshatishga va BMT nizomi hamda xalqaro huquq qoidalari doirasidagi majburiyatlarini bajarishga chaqiraman. Bu xavfli pallada eng muhimi — tartibsizliklar girdobiga tushib qolmaslikdir. Harbiy yechim yo‘q. Yagona yo‘l — diplomatiya. Yagona umid — tinchlik”.
Eronning javobi va mintaqaviy keskinlik
Eron bu hujumga javoban Isroilga o‘nlab ballistik raketa yo‘lladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan bir nechtasi Isroilning mudofaa tizimidan o‘tib, Tel-Aviv va Hayfa shaharlariga jiddiy zarar yetkazdi.
Xulosa: Dunyo siyosiy va harbiy inqiroz ostida
AQSHning Eron yadroviy inshootlariga uyushtirgan hujumi xalqaro munosabatlarda yangi, xavfli bosqichni boshlab berdi. Dunyo yetakchilarining fikrlari va izohlari turlicha bo‘lgani bilan, barcha tomonlarda asosiy talab — mojaroni harbiy yo‘l bilan emas, muzokara va diplomatiya orqali hal etish. Bu pallada tinchlik uchun qadam tashlash va yondoshuvni o‘zgartirish hayotiy ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda.
Zamin.uz dunyoning eng muhim voqealariga e’tibor qaratgan holda, barcha o‘zgarishlar va muhim yangiliklarni o‘z vaqtida yoritishda davom etadi! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar