
AQSh harbiy kuchlari 22-iyun kuni Eronning uchta yirik yadro obyektiga qarshi “Midnight Hammer” (“Tungi Bolg‘a”) nomi ostida maxfiy harbiy operatsiyani amalga oshirdi. Operatsiya B-2 turidagi maxsus bombardimonchi samolyotlar, Tomahawk qanotli raketalari va yuzlab harbiy samolyotlar ishtirokida olib borildi. Pentagon bu hujumni B-2 bombardimonchilari ishtirokidagi eng yirik jangovar zarba sifatida ta'riflamoqda.
AQSh rasmiylariga ko‘ra, operatsiya aldov bilan boshlangan. Missuridagi bazadan havoga ko‘tarilgan B-2 samolyotlari Guam oroliga qarab yo‘l olgani ko‘z-ko‘z qilindi. Bu harakat mutaxassislar tomonidan urushga tayyorgarlik sifatida talqin qilindi. Biroq bu faqat chalg‘itish edi – haqiqiy yetti dona B-2 bombardimonchisi sharqqa yo‘l olib, 18 soat davomida deyarli aloqa qilmasdan, havoda yonilg‘i to‘ldirgan holda uchib, Eron havo hududiga yaqinlashdi.
Eron havo hududiga yaqinlashgan paytda AQShning suvosti kemasi 20 dan ortiq Tomahawk raketasini uchirdi. B-2 samolyotlari esa har biri 13,600 kilogramm (30,000 funt) og‘irlikdagi 14 dona GBU-57 bunker-buster bombalarini Eronning yadro obyektlariga tashladi. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiyada jami 125 dan ortiq harbiy samolyot ishtirok etdi.
AQSh Bosh shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keynning aytishicha, operatsiya taktika jihatidan to‘liq muvaffaqiyatli bo‘lgan. “Eron havo kuchlari harakatlana olmadi, havo mudofaa tizimlari esa bizni butun operatsiya davomida payqay olmadi. Biz to‘liq kutilmaganlik ustunligini saqlab qoldik,” – dedi u Pentagonda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset esa zarbaning samarasiga yuqori baho berdi: “Biz Eronning yadroviy dasturiga jiddiy zarba berdik. Bu – shubhasiz.”
Ushbu operatsiya eng yuqori darajadagi maxfiylikda tayyorlangan bo‘lib, hatto Vashingtondagi ko‘plab yuqori martabali rasmiylar ham bu haqda prezident Donald Trampning ijtimoiy tarmoqdagi posti orqali xabardor bo‘lgan. Hegsetning ta’kidlashicha, tayyorgarlik oylar davomida olib borilgan, ammo operatsiyaning o‘zi atigi bir necha hafta ichida yakuniylashtirilgan.
Hujum ortidan Fors ko‘rfazi mamlakatlari yuqori harbiy tayyorgarlik holatiga o‘tkazildi. AQSh esa mintaqadagi harbiy kuchlarini kengaytirib, o‘z bazalari xavfsizligini oshirdi.
Vaziyatning bundan keyingi rivoji hozircha noaniq. AQSh rasmiylari mojaroning kengayishini istamasligini bildirgan bo‘lsa-da, Eron tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday javobga nisbatan ham tayyorligini ma’lum qildi.
“Eron hushyor bo‘lishi kerak. Prezident Tramp buni avval ham aytgan, bu safar esa jiddiy va qat’iy choralar ko‘riladi,” – dedi Hegset. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar