date

Xitoy AQSHning Eronga zarbasini qattiq qoraladi

Xitoy AQSHning Eronga zarbasini qattiq qoraladi
Xitoy xalqaro munosabatlarda yana bir bor o‘zining tinchlikparvar pozitsiyasini namoyon etdi. 22 iyun kuni BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishida mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Fu Kong AQSHning Erondagi Fordo, Natanz va Isfahonda joylashgan yadroviy obyektlarga uyushtirgan havo zarbalarini qat’iy qoraladi. Bu haqda Global Times nashri xabar tarqatdi.

Fu Kong o‘z chiqishida: “Xitoy Qo‘shma Shtatlarning Eronga qarshi bombardimon hujumlarini va MAGATE kafolatidagi yadroviy obyektlarning bombardimon qilinishiga qat’iy qarshi. AQSHning bunday xatti-harakatlari BMT nizomi va xalqaro huquqning asosiy prinsiplariga zid hisoblanadi. Shu bilan birga, Eronning suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligi ham jiddiy ravishda buzildi”, — dedi.

Shuningdek, Xitoy diplomati bu hujumlar Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatni yanada keskinlashtirganini va dunyoda yadro qurollarini tarqatmaslik bo‘yicha mavjud xalqaro rejimga jiddiy zarba bo‘lganini ta’kidladi.

“Hozirgi sharoitda barcha xalqaro hamjamiyat, ayniqsa, BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari adolatni qo‘llab-quvvatlashi, vaziyatni yumshatish uchun amaliy sa’y-harakatlar qiladi, deb ishonamiz”, — dedi Fu Kong.

Xitoy vakili Yaqin Sharqda keskinlik izdan chiqishi xavfidan jiddiy xavotirda ekanini bildirdi. Isroil davlatini esa zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatib, harbiy harakatlarni tarqatmaslikka chaqirdi. “Har bir tomon xalqaro huquq normalariga amal qilishi, kuch ishlatishdan va ziddiyatni yanada avj oldirishdan qat’iy saqlanishi kerak”, — deya yana bir bor qayd etdi Fu Kong.

U tinch aholini himoya qilish muhimligini alohida ta’kidlab, Xitoy Yaqin Sharqda barqarorlik va tinchlikni tiklash yo‘lida o‘z sa’y-harakatlarini davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi. “Afsuski, urush oqibatida tinch aholi orasida qurbonlar soni oshib bormoqda. Bu esa barchamizni chuqur qayg‘uga soladi”, — dedi Xitoy diplomati.

Mazkur bayonot xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tibor bilan qabul qilindi va Yaqin Sharqdagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun barcha manfaatdor davlatlar birga harakat qilishining muhimligi yana bir bor ta’kidlandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy AQSHning Eronga zarbasini qattiq qoraladi