
2024 yilning fiskal hisoboti AQSHga qisqa muddatli safarlar uchun viza olishni istagan o‘zbekistonliklar uchun yoqimsiz yangilik olib keldi. Davlat departamenti e’lon qilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining B-1/B-2 toifali vizasiga arizalarining 64,41 foizi rad etilgan. Bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori bo‘lib, mintaqa bo‘yicha mutlaq «antirekord» sifatida qayd etildi.
B-1/B-2 vizalari — turizm, qarindoshlar bilan uchrashuv, davolanish va ishbilarmonlik safarlari uchun beriladigan qisqa muddatli viza turi hisoblanadi. Ammo so‘nggi yillarda ushbu viza uchun rad etish holatlari keskin oshgan. Masalan, 2023 yilda ham ushbu toifadagi vizani olish uchun murojaat qilgan o‘zbekistonliklarning 59,56 foizi rad javobi olgan edi. Ya’ni oxirgi ikki yilda rad etish ko‘rsatkichi 5 foizga oshdi.
Markaziy Osiyodagi qo‘shnilar bilan taqqoslaganda, O‘zbekiston ushbu noxush ro‘yxatda birinchi o‘rinni egalladi. Turkmaniston fuqarolarining 58,8 foiziga, Qozog‘istonliklardan 46,29 foiziga, Tojikiston fuqarolaridan 45,24 foiziga, Qirg‘izistonliklardan esa 39,14 foizga rad javobi berilgan.
Dunyo miqyosida eng ko‘p rad etilganlar — Laos (82,84%), Somali (77,02%), Gvineya-Bisau (76,59%), Senegal (74,65%) va Gvineya (70,25%). AQSH vizasini olish bo‘yicha eng kam rad javobi olganlar — BAA (1,46%), Kipr (2,16%) va Ruminiya (2,61%) davlatlari bo‘ldi.
Bundan tashqari, so‘nggi yillarda AQSH elchixonasi talablari ham keskin kuchaytirildi. Masalan, AQSHning Toshkentdagi elchixonasi ta’lim yoki almashinuv dasturlarida ishtirok etish uchun ariza topshirgan o‘zbekistonlik talabalardan barcha ijtimoiy tarmoq akkauntlaridagi maxfiylik sozlamalarini “ommaviy” holatga o‘tkazish talab qilinadi. Bu talab — Amerikaga kirish huquqini aniqlash uchun qo‘shimcha tekshiruvlarni yengillashtirish maqsadida joriy etilgan. Elchixona ta’kidlashicha, mazkur ma’lumotlarni taqdim etmaslik, viza olish huquqidan mahrum bo‘lishga sabab bo‘lishi mumkin.
Ekspertlar ta’kidlashicha, bu tendensiya — AQSHning xavfsizlik va nazorat choralarini kuchaytirish siyosati bilan bog‘liq bo‘lib, ayniqsa, Markaziy Osiyo kabi mintaqa fuqarolari uchun viza olish jarayoni yanada murakkablashmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Amerikaga sayohat qilish niyati bor o‘zbekistonliklar bugun sinovli va murakkab qoidalarga duch kelishmoqda.
Zamin.uz tahririyati vaziyat rivojini kuzatib boradi va yurtimiz fuqarolari uchun eng dolzarb yangiliklarni tezkor yetkazib boradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar