
Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyatidagi Otbosar tumanida sanitar-epidemiologik vaziyat keskinlashdi, deb xabar berdi tengrinews.kz. Iyun oyi oxirida mazkur hududda kuydirgi kasalligi aniqlanib, avvaliga to‘rt nafar odam infeksiya bilan kasallangani ma’lum bo‘ldi. Ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilib, ahvollari o‘rtacha og‘ir deb baholandi. Shu paytga qadar vazirlik karantin joriy etilmasligini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, 8 iyul kuni Otbosarda rasman karantin choralari amalga oshirildi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparovga ko‘ra, karantin avvalo kuydirgi aniqlangan ikki qishloqda joriy etilgan. Bu hududlarga chorva va aholi kirishi qat’iyan taqiqlandi, maxsus to‘siqlar o‘rnatildi va epidemiyaga qarshi otryad dezinfeksiya ishlarini boshladi. Ilk ma’lumotlarda 19 nafar fuqaroda infeksiya aniqlangani qayd etilgan, bir bemor og‘ir ahvolda. Biroq keyinroq vazirlik bu ma’lumotga aniqlik kiritdi: 19 kishidan namunalar olingan, ulardan yetti nafarida kuydirgi tasdiqlanib, qolganlarida manfiy natija qayd etilgan.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, karantin choralari 15 kun davom etadi. Bu vaqt ichida hududda barcha epidemiyaga qarshi choralar ko‘riladi, sinov uchun yangi namunalar olinadi. Agar infeksiya tarqalmagani aniqlansa, karantin bekor qilinadi.
Kuydirgi — Bacillus anthracis bakteriyasi orqali yuqadigan xavfli yuqumli kasallik bo‘lib, asosan tuproqda yashaydigan bakterialar hayvonlar orqali odamga o‘tadi. Odamlar uchun infeksiya asosan zararlangan hayvon yoki ularning mahsulotlari bilan aloqada bo‘lish, yaxshi pishirilmagan go‘sht iste’mol qilish orqali teri, oshqozon-ichak yoki o‘pka shaklida paydo bo‘lishi mumkin. Muhim jihati — kasallik odamdan odamga yuqmaydi.
Mutasaddilar aholini ehtiyotkorlikka, go‘sht mahsulotlarini faqat veterinariya nazoratidan o‘tgan do‘kon va bozorlardan xarid qilishga chaqirmoqda. Mazkur holatda qat’iy profilaktika va to‘g‘ri tashkiliy choralar orqali kasallik tarqalishining oldini olish mumkin.
Foto: informburo.kz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar