date

TikTok AQShda blokdan qochish uchun yangi ilova tayyorlamoqda

TikTok AQShda blokdan qochish uchun yangi ilova tayyorlamoqda
ByteDance kompaniyasi TikTok ilovasining AQSH uchun maxsus yangi versiyasini tayyorlamoqda. Bu loyiha ilovaning mamlakatda taqiqlanishiga qarshi chora sifatida amalga oshirilmoqda.

Pravilamag nashrining yozishicha, yangi TikTok ilova versiyasi yoz oxiri va kuz boshida ishga tushirilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, hozirdagi original TikTok App Store'dan olib tashlanadi. Ilovadan foydalanib kelayotgan foydalanuvchilar yangi dasturga o‘tishlari kerak bo‘ladi, biroq mavjud versiya 2026 yil martgacha ishlashda davom etadi.

Hozircha yangi ilova ishchi nom sifatida M2 deb atalmoqda. Bu nom aniq emas va ilova rasman taqdim etilgunga qadar o‘zgarishi mumkin. Ayni paytda TikTok yuridik jihatdan M1 nomi ostida ro‘yxatdan o‘tgan.

TikTok'ning bu qadamlari AQSH qonunchiligining so‘nggi cheklovlariga javobdir. 2024 yil may oyida AQSH prezidenti Jo Bayden maxsus qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, agar TikTok AQSHdagi biznesini mahalliy kompaniyaga sotmasa, 2025 yil 19 yanvarga qadar mamlakat hududida taqiqlanadi.

2025 yil 19 yanvarda ilova haqiqatdan ham AQSHda o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Biroq ertasi kuni Donald Trampning bayonotidan so‘ng TikTok ishini qayta tikladi. 4 aprel kuni Tramp ByteDance kompaniyasiga TikTok'ning AQSHdagi aktivlarini sotish uchun yana 75 kunlik qo‘shimcha muddat berdi. Aks holda, ilovaga to‘liq taqiq qo‘llaniladi.

ByteDance TikTok'ni AQSHda ishlashi uchun yangi yo‘l qidirmoqda. Yangi M2 ilovasi ehtimol, Amerikadagi boshqa kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan deb ko‘rsatiladi. Bu mamlakat qonunchiligiga muvofiq ravishda milliy xavfsizlik talablarini bajarish uchun kerak.

Bu aylanma strategiya TikTok'ning AQSHdagi millionlab foydalanuvchilari uchun xizmatni saqlab qolish imkonini beradi. Yangi versiyada mavjud funksiyalar saqlanishi va foydalanuvchilar sezilarli farqni his qilmasligi kutilmoqda.

TikTok'ning sotilishiga doir bitim hozirda xavf ostida. Buning asosiy sababi — Xitoy hukumati Tramp tomonidan joriy qilingan 34% miqdoridagi yangi bojlar tufayli ushbu bitimni ma’qullamadi. Bu bojlar avvalgi ta’riflar bilan qo‘shilib, umumiy 54% gacha yetishi mumkin.

Ayni paytda, TikTok'ning taqdiri ham siyosiy, ham iqtisodiy tortishuvlarga bog‘liq bo‘lib turibdi. Bu AQSH va Xitoy o‘rtasidagi raqobatning yangi bosqichi bo‘lishi mumkin.

Dunyo bo‘yicha 1 milliarddan ortiq foydalanuvchisi bo‘lgan TikTok dunyodagi eng ommalashgan ijtimoiy platformalardan biri bo‘lib, O‘zbekistonda ham keng auditoriyaga ega. AQSHdagi blokirovka va yangi ilova atrofidagi voqealar nafaqat global internet siyosatini, balki dunyodagi texnologiya va media sohalaridagi geosiyosiy muvozanatni ham o‘zgartirishi mumkin.

Natijada, TikTok kabi platformalar uchun yangi huquqiy, texnik va geosiyosiy realliklar davri boshlanmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » TikTok AQShda blokdan qochish uchun yangi ilova tayyorlamoqda