date

Shimoliy Koreya sayyohlik kurortiga chet elliklarni kiritmadi

Shimoliy Koreya sayyohlik kurortiga chet elliklarni kiritmadi
Shimoliy Koreya rasmiylari tomonidan 2025-yil 1-iyul kuni ochilgan Wonsan Kalma dengizbo‘yi turistik hududi xorijiy sayyohlar uchun vaqtincha yopildi. Bu haqda mamlakatning rasmiy turizm sayti xabar berdi, deb BBC yozmoqda.

Mazkur kurort Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning turizm orqali iqtisodni jonlantirish maqsadida amalga oshirgan muhim loyihalaridan biri sanalgan edi. Avvaliga bu joy mahalliylar va chet elliklar uchun ochiq bo‘lishi e’lon qilingan bo‘lsa-da, hozirda faqat ichki turizm uchun ishlayotgani tasdiqlandi.

O‘tgan hafta Wonsanga ilk rossiyalik sayyohlar kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu tashrif Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovning Kim bilan uchrashuvi bilan bir paytga to‘g‘ri keldi. Lavrov bu kurortni “ajoyib sayyohlik maskani” deb baholab, ruslar orasida mashhurlashishiga umid bildirgan.

Shuningdek, Moskva va Pxenyan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar joriy oy oxirida yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Rossiyalik turfirmalar esa yaqin oylar uchun yana bir necha sayohatlarni rejalashtirgani ma’lum qilgan.

Wonsan shahri Shimoliy Koreyaning sharqiy sohilida joylashgan bo‘lib, u harbiy obyektlar va yirik port infratuzilmalari bilan mashhur. Bu shahar Kim Chen Inning bolaligi o‘tgan maskan hisoblanadi.

Yangi kurort hududi 4 km uzunlikdagi sohil bo‘ylab qurilgan mehmonxonalar, restoranlar, savdo markazlari va suv bog‘ini o‘z ichiga oladi. Davlat OAVga ko‘ra, bu joy bir vaqtda 20 000 mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega.

Biroq qurilish ishlari 2018-yilda boshlanganidan beri inson huquqlari tashkilotlari ishchilarning majburiy va og‘ir sharoitdagi mehnati borasida e’tiroz bildirib kelmoqda.

24-iyun kuni kurortning ochilish marosimida Kim Chen In oilasi va Rossiya elchilari ishtirok etgan.

Shimoliy Koreya o‘tgan yili pandemiyadan so‘ng ilk bor Rossiyalik sayyohlarga kirishga ruxsat bergan, 2025-yil fevralida esa Avstraliya, Germaniya, Fransiya va Britaniyadan ham mehmonlarni qabul qilgan edi. Ammo bir necha hafta o‘tib, bu tashriflar to‘xtatildi. Sababi esa ochiqlanmagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shimoliy Koreya sayyohlik kurortiga chet elliklarni kiritmadi